Buxoro viloyatida dori-darmon zaxirasini yaratish uchun 9 milliard 588 million 750 ming so‘m mablag‘ moliyalashtirildi. Bu haqda “Daryo”ga “Buxoro dori-darmon” MChJ direktori Dilmurod Ahadov ma’lum qildi.
2020-yilning 10-iyulidan kuchaytirilgan karantin sabab Buxoro viloyatidagi dorixonalarda dori-darmon tanqisligi, himoya vositalarining yetishmovchiligiga oid shikoyat va e’tirozlar ko‘paydi. COVID-19 bilan bog‘liq ko‘rsatkichlar o‘sib borayotgan vaziyatda viloyatda “Ergoferon”, “Arbidol”, “Asiklovir”, vitamin C — “Askorbin kislotasi”, “Deksametazon”, “Azitromitsin”, “Plakvenil”, “Prednizolon”, “Epinefrin”, “Drotaverin”, “Furosemid”, “Geparin”, “Paratsetamol”, “Insulin” kabi qator dori vositalariga bo‘lgan talab va ehtiyoj keskin ortdi.
“Buxoro dori-darmon” MChJ 300 dan ortiq personal va 50 dan ortiq farmatsevt-mutaxassislar ko‘magida tanqislikning oldini olishga, dori zaxirasini yaratishga kirishdi.
Ma’lumotga ko‘ra, ayni kunlarda viloyat miqyosida “Buxoro Dori-darmon” bilan bir qatorda “Madadkor farm”, “Mirzamedsavdo”, “Bio stimul”, “Eksimfarm” kabi MChJ maqomidagi ta’minotchi subyektlar, “Shoh Mirzo” yakka tartibdagi xususiy korxonasi imkoniyatlaridan foydalanilmoqda. Ularda talabgir bo‘lgan ampula, tabletka, aerozol, flakon shaklidagi bu dori-darmonlarni yetarlicha zaxiralash hamda shahar-tumanlardagi maxsus litsenziya asosida faoliyat ko‘rsatayotgan mavjud 202 ta dorixona va tibbiyot shoxobchasi orqali bemorlarga yetkazish choralari ko‘rilmoqda.
Dilmurod Ahadovga ko‘ra, dori-darmon zaxirasini kamida uch oyga yetadigan darajada jamg‘arish talabi qo‘yilgan. Shu maqsadda zarur dorilar tanqisligiga barham berish va kelgusi oylar uchun har biri kamida 3 ming qutidan “Insulin”, “Paratsetamol”, “Vitamin-B”, “Atropin sulfat”, “Novokain”, “Kalsiy glyukonat”, “Deksametazon”, “Geparin”, shuningdek, “Noradrenalin”, “Dofamin” kabi jami 48 turdagi dori vositasini zaxiralashga kirishilgan.
“Farmatsevtik dori vositalari narxi qimmat ekanligi barchaga ma’lum. Masalan, ‘Meropenem’ dorisining o‘rtacha narxi 150 ming, ‘Furosemid’ning bir qutisi 60, ‘Seftriakson-sulbaktam’ dorisining bir flakoni 55 ming so‘mga yetgan. Ko‘zlangan zaxirani yaratish uchun esa viloyatimizda 9 milliard 588 million 750 ming so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan. Shu o‘rinda, respublikadagi qator mahalliy ishlab chiqaruvchi farmatsevtik-ta’minotchi subyektlar hamda turli chet davlatdan virusga qarshi dori vositalari xaridi uchun xorijiy korxonalar bilan shartnomalar tuzishga erishilganini aytib o‘tiz joiz. Shu nuqtayi nazardan, barcha dorixonalarda narx-navoni sun’iy oshirmaslik, aholi noroziligiga sabab bo‘lib qolmaslik yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlari ham jonlantirilmoqda”, — deydi Dilmurod Ahadov.
Qayd etilishicha, pandemiya davrida Buxoro aholisining asosiy turdagi dori vositalariga bo‘lgan ehtiyoji uchun 109 milliard so‘mlik dori vositalari yetkazib berilgan. Dorixonalar orqali 45 ming quti, ya’ni 2 milliard 64 million so‘mlik “Ergoferon”, 160 million so‘mlik “Askorbin kislotasi”, 170 million so‘mdan ortiq “Azitromitsin”, 73 million so‘mlik “Arbidol”, 45 million so‘mlik “Atsiklovir” va boshqa dori xaridorlarga sotilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq viloyatdagi dorixonalarda virusga qarshi dori vositasi qolmagani ma’lum qilingandi.
Izoh (0)