O‘zbekistonda koronavirusdan uyida davolanayotgan bemorlar bepul dori-darmon bilan ta’minlanadi. Bu haqda 16-iyul kuni bosh vazir Abdulla Aripov rahbarligida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida ma’lum qilindi, deb xabar beradi Telegram’dagi “Koronavirus Info” kanali.

Foto: “Daryo”

Unda 15-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarni o‘z vaqtida va samarali bajarish masalalari muhokama qilingan. Bu borada mutasaddi vazirlik va idoralarning mas’uliyatini yanada oshirish, rahbarlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Maxsus komissiya yig‘ilishida koronavirus infeksiyasining odamlar orasida keng tarqalishi oldini olish va ushbu kasallikka chalingan bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilangan. Jumladan, pandemiya davrida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uzluksizligini ta’minlash, koronavirusga tekshiruvlarni tezkor va samarali tashkil etish va bemorlarni kerakli dori-darmonlar bilan ta’minlash bo‘yicha birinchi galda qilinadigan ishlarga e’tibor qaratilgan.

“Komissiya yig‘ilishida uyida davolanayotgan koronavirus bemorlarini bepul dori-darmonlar bilan ta’minlash yuzasidan qaror qabul qilinib, ularga yetkazib beriladigan dori-darmonlar ro‘yxati tasdiqlandi”, — deyiladi xabarda.

Bundan buyon koronavirus kasalligidan uyida davolanayotgan bemorlarga “Gidroksixloroxin”, “Azitromitsin”, “Parasetamol”, “Vitamin C” kabi dori-darmonlar hamda bir martalik tibbiy niqoblarni belgilangan me’yorda, bepul yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi.

Koronavirus infeksiyasi bo‘yicha test natijalari musbat natija bergan hamda kasallik yengil kechayotganligi sababli shifokorlar tavsiyasiga asosan uyida davolanayotgan bemorlar mazkur tibbiy vositalar bilan bepul ta’minlanadi.

Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda tegishli idoralarga zudlik bilan mazkur dori-darmonlarning 50 mingta to‘plamini shakllantirish va uyida davolanayotgan bemorlarga yetkazib berish tizimini yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatilgan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 14-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektorda koronavirusga qarshi kurash uchun mamlakatda barcha zaxira va imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi, biroq hozirda epidemiologik vaziyat juda og‘irligini aytdi. Shuningdek, davlat rahbari koronavirusni aniqlash uchun test topshirish jarayonini soddalashtirish, hududlarda uch oylik dori zaxirasini yaratish hamda dorixonalarda va bozorlarda narxlar oshishining oldini olish va zarur joylarda karantin choralarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

15-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi esa Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri va Toshkent viloyatida pandemiya bilan bog‘liq vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan. Unda Prezident COVID-19 sababli Toshkent shahri va viloyati rahbarlarini tanqid qilgan, Jahongir Ortiqxo‘jayev va Alisher Shodmonovga hayfsan bergan edi.