O‘zbekistonda 13-iyul kuni soat 23:30 dan 14-iyul soat 23:30 ga qadar koronavirus yuqtirib olish bilan bog‘liq 494 ta holat aniqlandi. Bir kun oldingi antirekorddan 100 nafar kam odamda kasallik aniqlandi deganidir. Yangi holatlardan so‘ng O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 14085 nafarga yetdi.

Foto: Telegram / @ssvmatbuotkotibi

Yangi kasallanish holatlari

Yangi kasallanganlarning

  • 303 nafari karantin muassasalarida (Toshkent shahrida — 169 nafar, Samarqand viloyatida — 52 nafar, Surxondaryo viloyatida — 27 nafar, Qashqadaryo viloyatida — 21 nafar,  Navoiy viloyatida — 15 nafar, Namangan viloyatida — 13 nafar, Qoraqalpog‘istonda — 6 nafar);
  • 191 nafari aholi orasida (Toshkent shahrida — 186 nafar, Jizzax viloyatida — 3 nafar, Namangan viloyatida — 2 nafar).

Kun davomida 8 ta hududda koronavirusga chalinish holatlari kuzatildi. Ushbu hududlarning 3 tasida aholi orasida 196 ta holat qayd etildi. SSV 14-iyul kuni xorijdan kelib karantinga olinganlar orasida kasallik aniqlanishi bilan bog‘liq yangi holatlar haqida xabar bermadi. “Daryo” nashri 1-iyundan buyon kasallanish holatlari bo‘yicha kunlik hisobot e’lon qilib bormoqda. 1,5 oy ichida hali bunaqasi bo‘lmagandi. 911-iyul oraliqlarida xorijdan kelgan fuqarolardan har kuni 200 tadan ortiq kasallanish holatlari kuzatilayotgandi. 12-iyulda 174 ta, 13-iyulda esa 83 kasallik yuqtirish holati qayd etilgandi.

Toshkent shahrida kasallik qayd etilgan 355 ta holatdan 169 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida, 186 tasi aholi orasida aniqlandi. Poytaxtda bundan ham ko‘p bemor aniqlangan kun faqatgina bir marta bo‘lgan. 13-iyul kuni Toshkentda 448 kishida koronavirus qayd etilgandi. Oxirgi 7 kun ichida Toshkent shahrida aholi orasida qayd etilgan holatlar 1000 tadan oshdi. 8—14-iyul oralig‘ida Toshkentda aholi orasida 1163 kishi kasallik yuqtirib olgani ma’lum qilindi. Toshkentdagi bemorlar soni 10 ming nafardan oshdi. SSVning jadvalida Toshkent shahri va viloyatining, shuningdek, Sirdaryo viloyatining ko‘rsatkichlari birga olib boriladi. O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanish qayd etilgan 14 mingdan ortiq holatning 72 foizi Toshkentga to‘g‘ri kelmoqda. Toshkentda jami kasallanish holatlarining 43 foizi iyul oyiga to‘g‘ri kelmoqda.

Samarqand viloyatida karantinga olinganlar orasida 52 kishida koronavirus aniqlandi. Viloyatda 11-iyul kuni ham 52 kishida koronavirus tasdiqlangani xabar qilingandi. Samarqand viloyati Toshkentdan so‘ng kasallanganlar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turibdi. Samarqand viloyatida iyul oyining o‘zida koronavirusga chalinganlar soni 206 kishiga ko‘paydi. Bu viloyatdagi bemorlarning 31 foizi deganidir.

Samarqandda 9-iyuldan beri faqat koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida kasallik aniqlanayotgani haqida xabar berilmoqda. IIV huzuridagi Tergov departamenti Samarqand shahrida giyohvand moddalarni sotayotganida qo‘lga olingan shaxsda koronavirus aniqlanganini ma’lum qildi. 38 yoshli U.D. 10-iyul kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga olinib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov departamenti xabarida dastlabki tergov jarayonida U.D. COVID-19 kasalligi bilan xastalanganligi aniqlanib, zudlik bilan unga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat ehtiyot chorasiga almashtirilgani va U.D. karantinga olingani aytiladi. Giyohvand moddalar sotuvchisida kasallik aniqlanishi aholi orasida koronavirus qayd etilishi deb hisoblanishi kerak. Chunki U.D.da kasallik aniqlanganidan so‘ng u karantinga olingan.

Surxondaryo viloyatida aniqlangan 27 ta holatning barchasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olinganlar orasida qayd etildi. Viloyatda 3-iyul kuni karantindagilar orasida bundan ham ko‘p kasallanish holati kuzatilgan — 69 ta. Surxondaryoda koronavirusga chalinganlar soni 200 nafardan oshdi. Iyul oyining o‘zida viloyatda 107 kishida kasallik aniqlandi. Bu Surxondaryoda aniqlangan barcha kasallanish holatlarining 51 foizi deganidir.

Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan 21 ta holatning hammasi karantindagilar orasida aniqlandi. Viloyatda 9-iyuldan beri yangi holatlar qayd etilmagandi. Iyul oyida Qashqadaryoda kasallanganlar soni roppa-rosa 200 nafarga ko‘paydi. Viloyatdagi kasallanish holatlarining 50 foizi iyul oyiga to‘g‘ri keldi.

Navoiy viloyatida aniqlangan 15 ta holat karantindagilar orasida qayd etildi. Navoiyda bir kun oldin Xalq bankining Nurota filialida 8 xodimda, Navoiy shahar filialida 1 xodimda koronavirus aniqlangandi. Shundan so‘ng ushbu filiallar karantinga olingandi. Navoiyda jami kasallanish holatlarining 20 foizi iyulda aniqlandi.

Namangan viloyatida qayd etilgan 15 ta holatning 13 tasi koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida, 2 tasi aholi orasida aniqlandi. Oy boshidan beri viloyatda 143 kishida kasallik aniqlandi. Bu Namangandagi jami kasallanish holatlarining 32 foizi deganidir.

Qoraqalpog‘istonda aniqlangan 6 ta holatning barchasi karantindagilar orasida qayd etildi. Mazkur hududda iyul oyining 1, 7, 8, 9, 10 va 11-sanalarida ham kasallik aniqlangan va bu kunlarning barchasida aholi orasida ham virus yuqtirib olish holatlari qayd etilgandi. Oy boshidan beri respublikada kasallanganlar soni 84 nafarga ko‘paydi. Bu Qoraqalpog‘istondagi jami kasallanish holatlarining 35 foizidir.

Jizzax viloyatida aholi orasida 3 kishida kasallik qayd etildi. Jizzax viloyatiga 25-iyun kuni koronavirus qaytganidan beri kasallik qayd etilgan kunlarda, albatta, aholi orasida ham kasallik aniqlanmoqda. 25-iyun kuni 2 ta holat ham, 29-iyun kuni 5 tadan 4 tasi, 2-iyul kuni 33 tadan 27 tasi, 7-iyul kuni 2 ta holat ham, 9-iyul kuni 16 ta holatdan 10 tasi, 10-iyul kuni 11 ta holatning barchasi aholi orasida qayd etilgandi. Jizzaxda jami kasallanish holatlarining 87 foizi iyul oyiga to‘g‘ri keldi.

“Yuksalish” umummilliy harakati COVID-19 kasalligining asosiy klinik alomatlari va kunlik jadvali haqidagi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarga asoslangan infografikani e’lon qildi.

Foto: “Yuksalish” umummilliy harakati

Foto: “Yuksalish” umummilliy harakati

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-iyul, seshanba kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatning karantin qoidalarini kuchaytirish zarur bo‘lgan hududlarida ularni kuchaytirish, yumshatishi zarur bo‘lgan hududlarda esa yumshatish lozimligini ta’kidladi.

Prezident, shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev, sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga bir kun muddatda amaldagi test-tahlil topshirish jarayonini qayta ko‘rib chiqish, aholi uchun qulay tizimni ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.

O‘lim holatlari va ahvoli og‘ir bemorlar

14-iyul kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahrida 3 nafar, Qashqadaryo viloyatida 1 nafar, jami 4 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etgani haqida xabar berdi. Toshkentda vafot etganlarning ikki nafari er-xotinlardir.

Birinchi o‘lim. Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida yashovchi 56 yoshli B.V. ismli erkakda 5-iyul kunidan 10-iyulgacha tana harorati ko‘tarilib, holsizlik kuzatilgan. 11-iyul kuni esa tana harorati tushmay, holsizlik va yo‘tal kuchayganligi hamda nafas yetishmovchiligi belgilari paydo bo‘lganligi sababli COVID-19 infeksiyasiga namuna topshirgan va kasallik tasdiqlangan.

Bemor og‘ir ahvolda viloyat Ftiziatriya va pulmonologiya markazi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Unga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Kasallik ikki tomonlama pnevmoniya og‘ir kechishi, nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan. 56 yoshli erkak koronavirus asoratlaridan vafot etgan Qashqadaryodagi ikkinchi, O‘zbekistondagi 64-bemor bo‘ldi.

Ikkinchi o‘lim. Toshkent shahar Shayxontohur tumanida yashovchi 61 yoshli F.A. ismli erkak 10 kun davomida tana haroratining ko‘tarilishi, bosh og‘rig‘i, holsizlik, yo‘tal, hansirash belgilari bilan uyida davolangan. Ammo davo muolajalari natija bermagandan so‘ng COVID-19 infeksiyasiga namuna topshirgan va kasallik tasdiqlangan. 13-iyul kuni bemor o‘ta og‘ir ahvolda Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Unga COVID-19 infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Kasallik ikki tomonlama bronxopnevmoniya, nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, u qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya kabi hamroh xastaliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan, bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas, surunkali jigar va buyrak hamda o‘pka-yurak yetishmovchiligidan vafot etdi. 61 yoshli erkak koronavirus asoratlaridan vafot etgan Toshkent shahridagi 34, O‘zbekistondagi 65-bemor bo‘ldi.

Uchinchi va to‘rtinchi o‘lim. Olmazor tumanida yashovchi 68 yoshli K.A. ismli erkak va uning turmush o‘rtog‘i 67 yoshli S.A. tana harorati 38 darajagacha ko‘tarilishi, umumiy holsizlik sababli 5-iyul kuni tez tibbiy yordam mashinasida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borilgan. Bemorlardan COVID-19 infeksiyasiga namuna olingan va kasallik tasdiqlangan.

Ularga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida shahar 1-sonli klinik shifoxonasiga olib kelinib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Har ikki bemorda o‘tkir nafas yetishmovchiligi kuzatilgani sababli sun’iy nafas oldirish apparatiga olingan. Ularga COVID-19 infeksiyasi og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, yurak ishemik kasalligi, stenokardiyasi, gipertoniya arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan er-xotin bemorlarning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligidan vafot etgan. 68 va 67 yoshli er-xotin koronavirus asoratlaridan vafot etgan Toshkent shahridagi 35-36, O‘zbekistondagi 66—67-bemor bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatida ham koronavirus asoratlaridan 72 yoshli otaxon va uning 70 yoshli rafiqasi hayotdan ko‘z yumgandi.

Oxirgi besh kun ichida birichi marta vafot etganlar soni 3 nafardan oshdi. Koronavirus asoratlaridan vafot etgan bemorlarning 67 nafaridan 40 nafari iyul oyida hayotdan ko‘z yumdi.

“Hozir epidemiologik vaziyatimiz juda og‘ir. Agar o‘zimiz karantinga e’tibor qilib, chora-tadbirlar ko‘rmas ekanmiz, raqamlar ko‘payib ketmoqda. Meni eng bezovta qilayotgani — o‘lim ham ko‘paymoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev 14-iyuldagi yig‘ilishda.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 5691 nafar bemordan 52 nafari og‘ir, 6 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda. Bir kun avval ahvoli og‘ir bemorlar soni 45,  ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar 7 nafarni tashkil etayotgandi. Bu orada esa 4 nafar bemorning vafot etgani haqida xabar berildi.

Kasallikdan davolanish

14-iyul kuni 297 nafar fuqaro koronavirusdan sog‘aydi. Ulardan

  • 111 nafari Andijon viloyatida;
  • 79 nafari Toshkent viloyatida (Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida 38 nafar, Nuroniylar sihatgohida 41 nafar);
  • 56 nafari Toshkent shahrida (Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasida 29 nafar, Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida 18 nafar, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasida 5 nafar, 3-son tug‘ruq kompleksida 4 nafar);
  • 19 nafari Navoiy viloyati;
  • 15 nafari Namangan viloyatida;
  • 7 nafari Samarqand viloyatida;
  • 6 nafari Qashqadaryo viloyatida;
  • 4 nafari Farg‘ona viloyatidagi tibbiyot muassasalarida shifo topdi.

Andijonda bir yo‘la 111 nafar bemor sog‘aydi. Bu viloyat uchun rekord. Andijondagi ba’zi bemorlar juda tez sog‘ayganini qayd etish kerak. Chunki 10-iyul holatiga ko‘ra viloyatda davolanayotgan bemorlar soni 113 nafarni tashkil etayotgandi. 11-iyulda esa 31 kishi shifoxonalardan kuzatilib, yana 62 kishida koronavirus aniqlangandi. Demak, 14-iyul kuni sog‘aygan bemorlar orasida kasallik 11-iyulda qayd etilganlari ham bor.

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov 10-iyulda viloyat aholisiga qilgan murojaatida Samarqandda koronavirusdan sog‘ayganlar soni 475 nafarga yetganini ma’lum qilgandi. SSV hisobi bo‘yicha viloyatda virusdan sog‘ayganlar soni mana endi 475 nafarga yetdi.

Bir kunda 297 kishi davolanishi bu yangi rekord. Bundan avvalgi rekord 8-iyulda o‘rnatilgan bo‘lib, o‘sha kuni 249 nafar bemor sog‘aygandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda koronavirus epidemiyasi sabab sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yuklamani bir qadar yengillatish maqsadida 5-iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasi alomatsiz kechayotgan bemorlarga uy sharoitida davolanishga ruxsat berilgan, ushbu yo‘nalishda yo‘riqnoma va eslatmalar ham e’lon qilingan.

Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalinganlarga doir axborotlarida yangi bemorlarning qanchasida kasallik alomatsiz (simptomsiz) kechayotganiga aniqlik kiritmayapti, shu boisdan ayni vaqtda koronavirusdan davolanayotgan bemorlarning qanchasi kasalxonalarda qolayotgani, qanchasi uy sharoitida davolanayotgani ma’lum emas.

Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibulla Oqilovning ma’lum qilishicha, Toshkent shahrida 16 ta shifoxona koronavirusga chalingan fuqarolarni davolash uchun ishlamoqda. Shuningdek, Toshkent shahridagi yana beshta shifoxonada kasallikning yengil va o‘rta darajasi bilan og‘rigan, ya’ni qo‘shimcha kislorodga muhtoj bo‘lmagan bemorlar davolanmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Zangiotadagi maxsus klinika ochilganiga bir hafta bo‘lmasdan bemorlarga to‘lib bo‘ldi. Agar kasallar sonining oshishi shu tarzda davom etsa, boshqa klinikalar ham koronavirusni davolash uchun moslashtirilishi mumkin.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 14 085 nafar bemordan 8327 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 59 foizni tashkil etmoqda. Bu boradagi ko‘rsatkich bir sutka ichida o‘zgarmadi. Hududlar bo‘yicha faqat Qashqadaryo viloyatida davolanish ko‘rsatkichi 50 foizdan past bo‘lib turibdi.

Ayni paytda 5691 nafar bemordan 4801 nafari Toshkent shahri va viloyatida davolanmoqda. Farg‘onada 14, Xorazmda 21, Jizzaxda 31, Navoiyda 44, Buxoroda 60, Andijonda 61, Qoraqalpog‘istonda 63, Surxondaryoda 78, Namanganda 124, Samarqandda 178 va Qashqadaryoda 216 nafar bemor qoldi.

Karantindagilar

Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 55 657 nafar, statsionar karantinda esa 22 585 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi. Bir kun ichida uy karantinidagilar soni 4102 nafarga ko‘paygan bo‘lsa, statsionar karantindagilar soni 1275 nafarga kamaydi. Iyun va iyul oylarida uy karantinidagilar soni 55 mingga hech ham yetmagandi.