Xalq banki axborot xizmati muassasaning viloyatlardagi uchta filiali karantinga olinganini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Xabarga ko‘ra, Xalq bankining uchta filiali hozirda karantinga olingan va ushbu bank muassasalarida xizmat ko‘rsatish vaqtincha to‘xtatilgan.

Jumladan, Andijon viloyati Kuyganyor filialida 59 kishi karantinga olingan, 1 nafar xodimda koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

Navoiy viloyati Nurota filialida barcha xodimlar test topshirgan, 8 nafarida COVID-19 aniqlangan. Filial vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan.

Navoiy shahar filialida ham barcha xodimlar test topshirgan va natijasini kutmoqda. 1 nafar xodimda infeksiya aniqlangan.

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani filialida ham xodimlar koronavirusga test topshirgan. Hech bir xodimda infeksiya aniqlanmagan. Karantin qoidalariga qat’iy amal qilgan holda faoliyatini davom ettirmoqda.

Bank axborot xizmati pensionerlarning hayotini asrash maqsadida ular uchun pensiya va nafaqa pullari uyma-uy yurib tarqatilayotganini eslatgan.

Eslatib o‘tamiz, 10-iyul kuni koronavirusga chalingan Navoiy viloyati Zarafshon shahrida yashovchi 55 yoshli J.O‘ ismli erkak o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligidan vafot etgandi. Undan avval 8-iyulda Navoiy shahrida yashovchi 52 yoshli B.A.ning o‘tkir yurak-qon tomir va nafas yetishmovchiligi, o‘tkir bosh miya va o‘pka shishi oqibatida hayotdan ko‘z yumgani xabar qilingandi.