Ichki ishlar vazirligi Telegram messenjeri orqali odamlarni aldab, elektron hisobidan pul yechib olgan firibgar yigitning qo‘lga olinganini xabar qildi.

Foto: Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati

Xabarga ko‘ra, Toshkent shahri Yunusobod tumanida yashovchi Next savdo majmuasi sotuvchisi J.U. 10-may kuni o‘ziga tegishli bank plastik kartasidan 2 million 20 ming so‘m pulni Telegram’da “Click va UzCard rasmiy Dilleri” nomli akkaunt tomonidan yechib olinganini ma’lum qilgan. U noma’lum shaxsni aniqlab, qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan.

Ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tezkor-qidiruv hamkorligi bo‘limi va Yunusobod tumani IIO FMB Jinoyat qidiruv bo‘limi xodimlari tezkor surishtiruv ishlarini olib borgan. Natijada, Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida doimiy ro‘yxatda turuvchi, shu tumanda joylashgan maktabgacha ta’lim muassasasida ingliz tilidan dars bergan o‘qituvchi, Farg‘ona davlat universiteti talabasi, 1999-yilda tug‘ilgan P.J. ushbu jinoyatni amalga oshirgani aniqlangan va u qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan olib borilgan surishtiruv ishlari davomida P.J. jinoiy harakatlarini amalga oshirish va jinoyat izlarini yashirish maqsadida may oyining boshlarida Samsung J telefoni hamda internet orqali AQShda ro‘yxatga olingan +1(747)251-5148 SIP telefon raqamiga Telegram’dan “Click va UzCard rasmiy Dilleri” nomli akkauntni ochgani ma’lum bo‘ldi. U Click va UzCard tashkilotlari nomidan guruh ochib, obunachilarni aldagan va bank plastik kartalarining ma’lumotlarini olib, fuqarolarning pullarini yashirin ravishda talon-toroj qilgan.

P.J. P2P xalqaro pul o‘tkazmalar tizimiga ulanib, jinoiy yo‘l bilan topilgan 8 million so‘m miqdoridagi mablag‘larni internet tarmog‘i orqali legallashtirib, otasi 1968-yilda tug‘ilgan vaqtincha ishsiz D.A.ning nomiga ochilgan bank plastik kartasiga o‘tkazib yuborgan.

P.J.ning Samsung J telefon apparati ko‘zdan kechirilganda +1(747)251-5148 SIP telefon raqamiga bog‘langan “Click va UzCard rasmiy Dilleri” nomli akkaunti, “ClickVOT” akkauntida virtual bank plastik kartasi borligi aniqlanib, virtual bank plastik kartasida 20-may holatiga ko‘ra jami 19 million 283 ming so‘m miqdorida mablag‘lar mavjudligi oydinlashgan. Telefon ashyoviy dalil sifatida olingan, to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Toshkent shahar Yunusobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limiga topshirilgan.

P.J.ning Toshkent shahri hududida sodir etilgan ushbu turdagi boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tezkor yo‘llar bilan tekshirilmoqda, deyiladi IIV xabarida.