Buxoroda Telegram ijtimoiy tarmog‘ida nogironligi bor fuqaro nomiga guruh tashkil qilib, uning davolanishi uchun yig‘ilgan ehson pullarini o‘zlashtirgan firibgarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda “Daryo”ga Buxoro viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Buxoro tumanida yashovchi 24 yoshli ayol M.R. joriy yilning mart oyida ijtimoiy tarmoqlar orqali Buxoro shahrida yashovchi 43 yoshli nogironligi bor fuqaro N.M. bilan tanishgan. N.M.ning buyrak xuruji xastaligi bilan kasallanganini eshitgan fuqaro u bilan yanada yaqinroq bo‘lishga harakat qilgan. Unga tanish-bilishlari ko‘pligi, ular orqali o‘zi tashkil qilgan xayriya ehson hisob-raqamiga pullar tushirib, davolatishga ko‘maklashishini va’da qilgan.

Ayol nogironligi bor fuqaroning kasallik tarixi to‘g‘risidagi hujjatlardan ko‘chirmalar olib, Telegram’da uning nomidan guruh tashkil qilgan. Shundan so‘ng bemorning davolanishi uchun o‘tkazilgan ehson pullarini o‘z nomidagi plastik kartaga tushirgan. Va ehson uchun yig‘ilgan jami 8 million 455 ming so‘m pulni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

“Huquq-tartibot idorasi xodimlari fuqaro M.R.ning firibgarlik jinoyatini fosh etgach, holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (Aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Va tergov surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, — deydi viloyat IIB axborot xizmati rahbari Quvvat Yarashov.