“Real” sobiq futbolchisi va sport direktori Predrag Miyatovich madridliklar hujumchisi Luka Yovich haqidagi fikrlarini bildirdi.
“Uning gollari tufayli u haqida ko‘proq gapirishni istagan bo‘lardim, ammo afsuski, bunday qilolmaymiz. Yovich o‘tgan yili yaxshigina mablag‘ evaziga sotib olingandi, ammo u o‘z imkoniyatini boy berib qo‘yganga o‘xshaydi. Biz uni maydonda kam ko‘rdik, shu sababli turli savollar paydo bo‘lmoqda. U “Real” nima ekanini tushuna olmayapti. Aftidan, uning o‘zi ham bu klubda muvaffaqiyat qozonishiga ishonmayapti”, — deydi Miyatovich.
Jarohatidan to‘liq forig‘ bo‘lmagan Yovich avvalroq koronavirus tarqalish xavfi tufayli o‘rnatilgan karantin qoidalariga qaramay, do‘stlari bilan bazm uyushtirgandi. Undan avval esa Luka Serbiyada karantin qoidalarini buzgan va buning uchun mamlakat prezidentidan dakki eshitgandi. Shuningdek futbolchi izolyatsiya vaqtida oyog‘ini sindirib olgan va bu haqda jamoasini ogohlantirmagandi.
Ma’lumot o‘rnida, “Real” Yovichni 2019-yilning yozida “Ayntraxt”dan 60 million yevro evaziga sotib olgan. Yovich ushbu mavsumda Ispaniya chempionatida 15 o‘yin o‘tkazib, 2 ta gol urdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning klub bilan shartnomasi 2025-yilgacha mo‘ljallangan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)