Qashqadaryo viloyatida joylashgan kimyo sanoatining eng yirik aktivlaridan biri Dehqonobod kaliy zavodi yopiq tarzda xususiylashtirilgani aytilmoqda. Prezident qarorida esa korxonani ommaviy savdoga chiqarish buyurilgan.

Dehqonobod kaliy zavodi 8-avgust kuni eʼlon qilingan kombinat aksiyadorlarining qaroriga asosan ochiq auksionsiz xususiylashtirildi. Bu masalaga Telegram’dagi “KorpInfo” kanali muallifi eʼtibor qaratgan.
Aksiyadorlar Asian Chemical Group MCHJ zavodning yagona egasiga aylangani qayd etilgan. Qiziq tomoni mazkur MCHJ bundan 9 oy ilgari — 2024-yil noyabrda ochilgan va bor-yo‘g‘i 10 million so‘mlik ustav kapitaliga ega. Kompaniya taʼsischisi OV Industrial Investments L.L.C-FZ bo‘lib, rahbari Valiullin Ilgiz Azatovich.
Dehqonobod kaliy zavodi kapitali esa 2,7 trillion so‘mligi ko‘rsatilgan. Zavod 2007-yilda 128,2 million dollarga, kreditlar evaziga qurilgan. Qarzning 61,7 million dollarini Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, 41,7 million dollarini Xitoy Eksimbank bergan. 24,8 million dollar kredit Kimyo sanoati korxonalarini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan ajratilgan. Zavodning 2024-yildagi sof foydasi 44,8 milliard so‘mni (3,5 million dollar atrofida) tashkil etgan.
Yirik zavod necha pulga, qaysi shartlar asosida xususiy qo‘llarga o‘tkazilgani jamoatchilikka maʼlum emas. Aslida prezidentning 2024-yil 26-apreldagi qarorida Dehqonobod kaliy zavodini xalqaro bozorda ochiq savdo orqali xususiylashtirish belgilangan.
“Davaktiv agentligi kimyo sanoati korxonalarini xususiylashtirish va isloh qilish dasturiga muvofiq Dehqonobod kaliy zavodi AJ ustav kapitalidagi davlat aksiyalar paketini 2024-yil yakuniga qadar xususiylashtirish jarayonini yakunlasin”, deyilgan qarorda.
Amalda esa zavod na belgilangan vaqtida sotilgan, na ochiq bozorda xususiylashtirilgan. Hozircha Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mazkur masala yuzasidan rasmiy axborot bermadi.
Dehqonobod kaliy zavodi O‘zbekistonda ochiq va shaffof savdolarsiz sotilayotgan birinchi yirik davlat aktivi emas. Bundan avval ham qator aktivlar yashirin tarzda xususiylashtirilgani aytib kelinadi. Masalan, “Qizilqumsement” , UNG Petro zapravkalar tarmog‘i, Chinoz neftni qayta ishlash zavodi , Angren shina zavodi, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi va boshqalar.
Izoh (0)