O‘zbekiston va Rossiyada xalqaro terrorchi tashkilot safiga migrantlarni yollab kelgan 9 nafar shaxs qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar qildi.
O‘zbekiston DXX va Rossiya FXX hamkorligida o‘tkazilgan tadbirlar natijasida Rossiya Federatsiyasida 7 nafar va O‘zbekiston hududida 2 nafar xalqaro terrorchilik tashkilot aʼzolari qo‘lga olingan.
Qayd etilishicha, mazkur shaxslar Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lgan vaqtida diniy ekstremistik oqim taʼsiriga tushib, xalqaro terrorchilik tashkiloti faoliyatida ishtirok etgan va o‘z saflarini turli davlatlardan kelgan mehnat muhojirlarini yollash hisobidan kengaytirish bilan shug‘ullangan.

Ular yashirin yig‘ilish tashkil etib, Telegram messenjeri orqali videokonferensiya yo‘li bilan “umumjahon xalifaligi” deb ataluvchi doktrina asosida tizimli o‘qitish va terrorchilik tashkilotiga jalb qilish ishlari amalga oshirilgan. Ularning bu faoliyati xorijdagi g‘oyaviy maslakdoshlari tomonidan muvofiqlashtirib borilgan.
To‘plangan materiallar asosida Rossiya Tergov qo‘mitasi tomonidan ularga nisbatan terroristik tashkilot faoliyatini tashkil etish va unda ishtirok etish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
DXX tomonidan Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan faol tadbirlar natijasida aynan shu jamoatning yana 2 nafar aʼzosi qo‘lga tushdi. Ushbu shaxslar ham Rossiyadagi yashirin jamoat aʼzolari tomonidan Telegram messenjerida tashkil etilgan virtual guruhlarga aʼzo bo‘lib, XTTning aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan va amaldagi siyosiy tuzumni konstitutsiyaga zid ravishda o‘zgartirishni targ‘ib qiluvchi materiallarini tarqatib kelgan.
Shu bilan birga, ularning xonadonlari ko‘zdan kechirilganda, 4 ta uyali aloqa vositasi, 3 dona ekstremistlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan adabiyotlar, 2 ta flesh xotira va 1 ta xorijiy davlatga tegishli bo‘lgan sim karta daliliy ashyolar sifatida olindi hamda ekspertizadan o‘tkazish uchun tegishli tashkilotlarga yuborildi.
Hozirda hibsga olingan shaxslarga nisbatan tergov va tergovga qadar harakatlar olib borilmoqda.
Izoh (0)