Boks bo‘yicha (WBA) yarim o‘rta vazn toifasida Jahon chempioni Menni Pakyao Filippin prezidentligiga nomzodini qo‘ymoqchi ekani haqidagi gaplarini rad etdi.
Avvalroq Top Rank promouterlik kompaniyasi bosh direktori Bob Arum Menni Pakyaoning 2022-yilda bo‘lib o‘tadigan Filippin prezidentligi saylovlarida o‘z nomzodini qo‘ymoqchi ekanini ta’kidlagandi.
“Bilishimcha, biz hech qachon siyosat to‘g‘risida gaplashmaganmiz. Zoom orqali oxirgi marta suhbatlashganimizda Bob bilan navbatdagi jangning ehtimoliy jadvalini muhokama qildik, lekin siyosat haqida hech qanday gap bo‘lmadi. Bizning munozaralarimiz faqat boksga bag‘ishlangandi.
Hozir siyosatni o‘ylaydigan vaqt emas. Shundoq ham Filippinda bir qator muammolar bor, vatandoshlarimiz hayotini yengillashtirish uchun birdamlik va hamkorlikda ishlashimiz zarur.
Biz birlashishimiz kerak. Keling, insonlarga yordam berish uchun birlashamiz. Ko‘pchilik ishsiz qoldi, ayniqsa chet eldagilar. Siyosat — hozir biz uchun muhim emas”, — deydi Pakyao.
Pakyao faoliyati davomida 71 ta jang o‘tkazib, shulardan 62 (39 ta nokaut) tasida g‘alaba qozongan, 7 tasida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, 2 marotaba murosa yo‘lini tanlagan. U oxirgi jangini 2019-yilning yozida amerikalik Kit Turmanga qarshi o‘tkazib, ochkolar hisobiga g‘alabani qo‘lga kiritgan.
Izoh (0)