“Futbol Ekspress” gazetasi bosh muharriri Shukurullo Is’hoqov nashr faoliyati tugatilgani haqida xabarlarga sharh berib o‘tdi.
Avvalroq O‘zbekistonda 24 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan gazeta yopilgani haqida xabar berilgandi. “Daryo” muxbiri bu masalaga oydinlik kiritish uchun Shukurullo Is’hoqov bilan bog‘landi.
— OAV vositalarida “Futbol Ekspress” gazetasining faoliyati tugatilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Ketidan bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumot ekanligi siz tomoningizdan ma’lum qilindi. Aslida nima bo‘ldi?
— Xabaringiz bor, koronavirus pandemiyasi sabab gazeta chiqarilishi to‘xtab qoldi. Xodimlarmizdan biri bilan bo‘lgan suhbatda gazetaning faoliyatini qayta tiklashga harakat borligi, biroq bu yo‘lda moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelayotganimiz aytilgandi. U esa ijtimoiy tarmoqlarda “moliyaviy qiyinchiliklar sabab gazeta faoliyati tugatilsa kerak”, deya shaxsiy fikrini bildirgan. Shundan keyin mazkur ma’lumotlar asosida xabarlar e’lon qilindi. (Aslida “Daryo”ga ham nomi oshkor etilishini istamagan gazetaga aloqador shaxs nashr faoliyati to‘xtatilganini ma’lum qilgandi)
— Demak, gazeta faoliyati rasman tugatilmagan, shundaymi?
— Yo‘q. Hozirda gazeta faoliyatini qayta tiklash ustida ishlayapmiz. Matbuot tarqatuvchilarda pullarimiz qolib ketgan. Pul tushishi bilan, shu kunlarda chop etishni boshlaymiz. To‘g‘ri vaziyat qiyin, ammo faoliyatimizni davom ettirishga harakat qilamiz.
— Gazeta chop etilishi qachon va nima sababdan to‘xtab qolgandi?
— So‘nggi son 14-mart kuni chiqdi. Keyinchalik pandemiya sabab shaharlarda harakatlar cheklandi va matbuot tarqatuvchilar faoliyati to‘xtab qoldi. Shu sabab faqat biz emas, aksariyat gazetalar faoliyatini to‘xtatib turishga majbur bo‘ldi.
— Superliga ham qayta boshlanmoqda, sizlar restartni qachonga mo‘ljallayapsiz?
— 1-iyulga qolmay chiqarib yuborsak kerak. Ayni damlarda Farg‘ona va Toshkentdagi matbuot tarqatuvchilar bilan bog‘lanyapmiz. Ulardan pulni olishimiz bilan chop etishni boshlab yuboramiz. Boshlamasak bo‘lmaydi, xodimlar ishsiz qolib ketadi, ularni vaqtinchalik ta’tilga chiqarib turishga majbur bo‘ldik. Buning ustiga bu sevimli kasbimiz.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)