Fransiyaning dori vositalari va tibbiy buyumlar xavfsizligi bo‘yicha agentligi ehtiyot chorasi sifatida mamlakatda gidroksixloroxin bilan o‘tkazilayotgan tadqiqotlarni to‘xtatishi haqida ma’lum qildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ekspertlar guruhi gidroksixloroxin va xloroxinni COVID-19 kasalligini davolashda qo‘llashni vaqtincha to‘xtatgani haqida xabar berilgan edi. Bunga ushbu dorilar tufayli o‘lim holatining oshgani sabab bo‘lgan. Olingan ma’lumotlar asosida mazkur dori vositalarining samaradorligi qayta baholanadi.
26-may kuni Fransiya Sog‘liqni saqlash oliy kengashi shifoxonalarda og‘ir ahvolda yotgan bemorlarga gidroksixloroxin qo‘llamaslikni tavsiya qilgan.
Agentlik tomonidan ma’lum qilinishicha, gidroksixloroxinni baholovchilar bilan birgalikda ehtiyot chorasi sifatida bemorlarni klinik sinovlarga jalb qilishni to‘xtatishga qaror qilingan.
Qayd etilishicha, mazkur klinik sinovlarda gidroksixloroxin bilan davolanayotgan bemorlar davolanishni protokol oxirigacha davom ettirishi mumkin.
Agentlikning ma’lum qilishicha, koronavirus epidemiyasi boshlanganidan buyon gidroksixloroxin bilan bog‘liq 16 ta klinik sinov ma’qullangan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolashda xloroxin preparatidan foydalanilmoqda. Avvalroq O‘zbekistonda koronavirusdan kuzatilgan o‘lim holatlarining xloroxinga aloqasi yo‘qligi ma’lum qilingandi.
Izoh (0)