Yaponiya koronavirus sababli yuzaga kelgan inqiroz sharoitida aholini qo‘llab-quvvatlash dasturini ishga tushirdi va fuqarolarga pul tarqatishni boshladi. Bu haqda mamlakatning ma’muriy ishlar va kommunikatsiyalar vaziri Sanae Takaitiga tayanib, “TASS” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 100 ming iyena (taxminan, 930 dollar) miqdoridagi nafaqa mamlakatning har bir fuqarosiga to‘lanadi. To‘lovlar mamlakatning 1388 ta munisipialitetida boshlangan va bu munisipialitetlar umumiy sonining 79,7 foizini tashkil qiladi.
Mablag‘lar 2020-yilda tasdiqlangan 25,6 trillion iyena (237 milliard dollar) miqdoridagi qo‘shimcha budjetdan olingan. Mazkur budjet aprel oyining oxirida koronavirus sharoitida iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun tasdiqlangan.
Yaponiyada mazkur to‘lovlarni oluvchilar qatorida mamlakat qamoqxonalarida saqlanayotgan fuqarolar ham bo‘ladi. Nafaqalarni hatto o‘lim jazosiga hukm qilinganlar ham olishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Yaponiya hukumati fuqarolariga koronavirus sabab pul tarqatishga aprel oyida qaror qilgandi. Bundan tashqari, Yaponiya koronavirus oqibatlariga qarshi kurashish uchun yana 929 milliard dollar ajratishni rejalashtirmoqda.
Izoh (0)