Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati Sirdaryoda Sardoba falokati oqibatlarini bartaraf qilishda harbiylar tomonidan amalga oshirilgan va qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Mudofaa vazirligining Markaziy, Toshkent, Sharqiy, Janubi-g‘arbiy maxsus va Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlaridan 12 mingdan ziyod harbiy xizmatchi hamda 1000 dan ortiq harbiy va maxsus texnika 2-maydan buyon Sirdaryo viloyatida Sardoba suv omboridagi toshqin oqibatlarini bartaraf qilish ishlarida ishtirok etmoqda.
Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlariga qarashli 4 ta harbiy vertolyot yordamida 270 ga yaqin parvoz amalga oshirilib, 196 nafar inson hayoti qutqarib qolindi.
Har bir okrug kesimida mahallalar taqsimlanib, harbiy xizmatchilar tomonidan bir kunda 800 ga yaqin uyda tozalash va qisman ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, toshqin oqibatida yuvib ketilgan ko‘priklar qayta tiklangunga qadar muhandislik qo‘shinlari tomonidan aholi yashash punktlarini bir-biri bilan bog‘lash uchun vaqtinchalik 4 ta anhor ustiga sun’iy ko‘prik, ya’ni panton ko‘prigi barpo etilgan.
“Bugun mahallalardagi hayot o‘z iziga tushayotganini ko‘rish mumkin”, – deb yozgan harbiy jurnalist G‘ayrat Madrahimov.
Izoh (0)