Xitoy hukumati koronavirusdan jabr chekkan bozorni jonlantirish uchun mashina xarid qilish istagida bo‘lgan fuqarolariga 1,4 ming dollardan subsidiya ajratishga tayyor, deb xabar beradi Autorambler.
Dastlabki prognozlarga ko‘ra, aprel oyiga qadar Xitoy avtomobil bozorida sotilgan mashinalar soni 6 milliondan ortiq bo‘lishi kerak edi. Biroq pandemiyaning salbiy oqibatlari sabab mamlakatdagi dilerlar 3,7 million dona yangi mashina sotishga erishgan — bu o‘tgan yilgiga nisbatan 42 foizga kam. Xitoyning 40 milliondan ortiq aholisi ishlaydigan avtomobil sanoati har yili 1 trillion dollar foyda keltiradi, bu mamlakatdagi jami ishlab chiqarishlardan keladigan foydaning qariyb 10 foiziga teng.
Mart oyining oxirlarida pandemiya chekina boshladi, sanoat sekin-asta oyoqqa turmoqda: koronavirus o‘chog‘i hisoblangan Uxan shahridagi zavodlar 2,5 oylik karantindan so‘ng ochila boshladi.
Biroq yangi avtomobillarga bo‘lgan talab yuqori emas. Vaziyatni barqarorlashtirish va talabni oshirish maqsadida Xitoy qo‘shimcha yordam choralarini qo‘llashga qaror qildi.
Hukumat subsidiyalar kengaytirilishini hamda elektrokar va gibrid motorga ega avtomobillarni xarid qilganlar 2 yilga soliqdan ozod etilishini ma’lum qildi. Xitoydagi 12 ta shahar va provinsiyada mashina xarid qilishni istaganlarga 1,4 ming dollar miqdorida mablag‘ ajratilishi kutilmoqda.
Mahalliy tahlilchilarning fikricha, maktablar ochilsa talab qayta tiklanadi, chunki bolalarni maktabga olib borish uchun avtomobil kerak bo‘ladi. Shuningdek, savdolar may oyidagi Mehnat kuni munosabati bilan beriladigan uzoq ta’tillar sabab jonlanishi mumkin, bu vaqtda ko‘plab xitoyliklar mamlakat bo‘ylab sayohatga chiqadi.
Izoh (0)