“Korzinka.uz” supermarketlarga kirishni cheklamoqda. Bu haqda kompaniya rahbari Zafar Hoshimov Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Zafar Hoshimovning so‘zlariga ko‘ra, tarmoqdagi barcha supermarketlarga xaridorlarning katta oqimi kirishi kuzatilmoqda. Vaziyat boshqacha bo‘lganida, ya’ni boshqa davrda bunday ajiotaj kuzatilsa, kompaniyadagilar juda xursand bo‘lardi:
“Tushunaman, 30-martdan shaxsiy avtomobilda shahar bo‘ylab harakatlanish qiyin bo‘ladi. Ertadan bozorlar va supermarketlar ishlamasligi haqida mish-mishlar tarqalganini ham bilaman, bu yolg‘on va dezinformatsiya. Marketlar va bozorlar yopilmaydi”, — deb yozgan tadbirkor.
Zafar Hoshimov kompaniyaning nafaqat xaridorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun, balki ularning xavfsizligi uchun, shuningdek, xodimlar muhofazasi uchun ham mas’ul ekanini bildirgan.
“Shu sababli biz tashrif buyuruvchilar oqimini tezkorlik bilan kamaytirish maqsadida odamlarning savdo zallari va kassa hududlarida masofani saqlashi uchun kerakli choralarni amalga oshirdik”, — deya yozgan “Korzinka.uz” rahbari.
Supermarketlarga kirish vaqti ham chegaralab qo‘yilgan.
Kompaniya barcha tashrif buyuruvchilardan bir-birlaridan masofa saqlagan holda navbatda turishni iltimos qilgan. Xarid qilish uchun kelgan yangi mijozlar supermarketlarda xavfsiz harakatlanish uchun yetarli darajada bo‘sh maydon bo‘lganida ichkariga kiritiladi.
“Bizning ushbu cheklov me’yorlarimizni to‘g‘ri tushunishingizni so‘rayman. Ushbu choralar biznes uchun ham, biz uchun ham yoqimli va manfaatli emas, biroq bugun biz uchun sog‘liq, xavfsizlik va farovonlik barchasidan muhimroq”, — deyiladi Zafar Hoshimovning Facebook’dagi sahifasida yozilgan postda.
Shuningdek, u odamlarning supermarketlarda o‘zlari va atrofdagilar sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yib to‘planayotganiga jim qarab tura olmasligini ta’kidladi.
“Sog‘lom fikrlaydigan barcha insonlar ushbu choralarimiz vaqtincha ekanini va bunday pallada birlashish lozimligini to‘g‘ri tushunishiga umid qilaman”, — deya so‘zlariga yakun yasagan Hoshimov.
Hoshimov postiga supermarketlardagi vaziyat haqida fotosuratlar va video ham ilova qilgan.
https://www.facebook.com/zkhashimov/videos/10217102276649662/
Mavzuga doir:
Izoh (0)