“Tolibon” tomonidan 5 oy oldin hibsga olingan britaniyalik er-xotin qamoqda o‘lishi mumkin. Ularning o‘g‘li ota-onasi taqdiridan xavotirda ekanini bildirdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

80 yoshli Piter Reynolds va 76 yoshli Barbi 1-fevral kuni Bomiyon viloyatidagi uylariga qaytayotganida hibsga olingan. Ularning o‘g‘li Jonatan Reynoldsga ko‘ra, ota-onasining sog‘lig‘i yomonlashmoqda. Jumladan, otasi jiddiy tutqanoqlardan aziyat chekmoqda, onasi esa kamqonlik va to‘yib ovqatlanmaslik tufayli jismonan holsizlangan.
Ularning nima sababdan hibsga olingani aniq emas. Ammo fevral oyida “Tolibon” rasmiysi ularni “imkon qadar tezroq” ozod qilish rejalashtirilganini aytgandi. BMTga ko‘ra, agar hibsdagilarga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, ular “xo‘rlovchi sharoitlarda” halok bo‘lishi mumkin. Tashkilot er-xotinning hibsga olinishini “insoniylikka zid” deb baholagan.
Reynoldsning ta’kidlashicha, sudya ota-onasini “aybsiz deb topgan” va ularga hech qanday ayblov qo‘yilmagan. Shunga qaramay jabrlanuvchilar yuqori xavfsizlik choralariga ega qamoqxonada saqlanmoqda.
Otam qotillar va jinoyatchilarga zanjirband holda saqlangan. Ular bir vaqtlar olti hafta davomida yerto‘lada quyosh nuri ko‘rmagan holda, tashqariga chiqarilmasdan ushlab turilgan, dedi u.
Er-xotin 15-iyunda farzandlari bilan so‘nggi marta bog‘langanlarida “sog‘liqlari yomonlashgani” ma’lum bo‘lgan.
Ayniqsa, otamning ahvoli tez yomonlashmoqda. Hozir unda Parkinson kasalligining dastlabki belgilari paydo bo‘lganday — tanasining o‘ng tomoni, qo‘llari va yuzida titroq hamda qaltirash bor, dedi u.
Hatto bir safar u qamoqxonada yarim soat davomida tutqanoq holatida bo‘lgan. Jonatan ota-onasining hozirda qayerda saqlanayotganini bilmasligini aytgan.
Har hafta bizga yana ikki-uch kun kuting deyishadi, ammo ota-onam hanuz qamoqda qolmoqda, degan u.
Er-xotin qamoqda tug‘ilgan kunlarini o‘tkazgan, yaqinda esa 55 yillik turmush qurganlik yubileylarini nishonlaydi.
Ularning hech bo‘lmaganda birga bo‘lgani uchun minnatdorman, lekin ular mutlaqo erkin emas, deydi Jonatan.
Izoh (0)