Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan davlat investitsiya dasturiga kiritilgan ob’ektlarda byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini o‘rganish yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Yagona buyurtmachi xizmati” korxonasi va “K.o.” MChJ mansabdor shaxslari Navoiy pedagogika instituti yotoqxonasini jihozlash to‘g‘risidagi hujjatlarga soxta ma’lumotlar kiritgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Ular haqiqiy bahosi 556,1 million so‘m bo‘lgan 31 turdagi jihoz va mebellar to‘plamlarining narxlarini 2,3 milliard so‘mga oshirib ko‘rsatish orqali 1,7 milliard so‘m byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan “Yagona buyurtmachi xizmati” va “K.o.” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)