Toshkent viloyatida o‘tgan yilning dekabr oyida o‘z faoliyatini boshlagan “Amirsoy” tog‘-chang‘i kurortida 7-yanvar kuni chang‘ichi vafot etdi. Bu haqda “Amirsoy”ning Facebook’dagi sahifasida ma’lum qilindi.
Xabar berilishicha, 7-yanvar kuni soat 16:20 da, “Amirsoy Resort” chang‘i trassalari yopilishidan oldin tashrif buyuruvchilardan biri kurort xodimlariga yosh chang‘ichi yo‘qolib qolganini ma’lum qilgan.
Mazkur ma’lumot olinganidan so‘ng kurortning qutqaruvchilar jamoasi zudlik bilan yo‘qolgan chang‘ichini qidirishni boshlagan. 30 daqiqadan so‘ng chang‘ichi qutqaruv xizmati xodimlari tomonidan chang‘i trassalaridan tashqarida hayot belgilarisiz topilgan.
Kurortning sakkiz nafar qutqaruvchisi va ikki nafar shifokor 50 daqiqa davomida jabrlangan chang‘ichini jonlantirishga uringan. Biroq urinishlar samara bermagan.
Xabar so‘ngida “Amirsoy Resort” vafot etgan chang‘ichining oilasi va yaqinlariga hamdardlik bildirgan.
Xabarda vafot etgan kishining shaxsi va yoshiga aniqlik kiritilmagan.
Izoh (0)