2019-yilning o‘tgan davri mobaynida 53 nafar xorijlik investor Qashqadaryo viloyatiga 112,2 million dollar miqdorida investitsiya olib kirgan. Bu haqda viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan investitsiya brifingida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.
Brifingda aytilishicha, ayni kunda viloyatda 30 dan ortiq xorijiy davlat investorlari va ishbilarmon doira vakillari qishloq xo‘jaligi, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritmoqda.
— Hududlarning mavjud salohiyatidan kelib chiqib meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish va paxtachilik klasterlarini tashkil qilish bo‘yicha Singapur, Xitoy, Turkiya va Eron kabi mamlakatlar bilan hamkorlik loyihalari amalga oshirilmoqda, — deydi viloyat hokimi o‘rinbosari Oybek Shozagatov. — Bundan tashqari viloyatning chekka hududlariga ham xorijiy investorlar kirib borishiga erishish maqsadida Chiroqchi, Kasbi, Qamashi, Koson va Muborak tumanlarida va Shahrisabz shahrida xalqaro biznes forumlar tashkil qilindi.
Matbuot brifingida so‘z olgan jurnalist va blogerlar viloyat salohiyatini dunyoga olib chiqish uchun xorijlik blogerlar xizmatidan foydalanish taklifini ilgari surdi.
— O‘quvchilari soni milliondan oshadigan xorijlik blogerlar faoliyatiga ehtiyoj sezayotganimiz rost, — deydi Oybek Shozagatov. — Boisi, bizda birinchi turizm qishloqlari, qolaversa, xorij investorlari uchun yaratilgan shart-sharoit haqida dunyoga bildirishimiz kerak bo‘lgan joylar ko‘p. Shu sababdan ham bu taklif haqida o‘ylab ko‘ramiz.
Viloyat hokimining investitsiya va tashqi savdo masalalari bo‘yicha maslahatchisi Kvang Vuk Kimning ta’kidlashicha, O‘zbekiston xorij investorlarining qiziqishiga sabab bo‘lib, investorlar tomonidan qiziqish bildirilgan mamlakatlar o‘rtasidagi reytingda 68-o‘ringa erishgan.
Izoh (0)