Shofirkon tumanida haydovchi va o‘smirlar o‘rtasidagi tortishuv janjalga aylanib ketdi. Bu haqda “Zamon” axborot dasturi xabar bermoqda.
Tumandagi “Qayrag‘och” mahallasida yashovchi fuqaro o‘zining Spark mashinasida tuman markazi tomon ketayotganida bir mashina arang sig‘adigan yo‘lning qatnov qismidagi ikki o‘smirga chetga chiqish ishorasini beradi. Buni go‘yoki kamsitish tariqasida qabul qilgan o‘smirlar esa so‘kingan. Mashinada oilasi, nabiralari bilan ketayotgan haydovchiga bu og‘ir botgan.
— Avtomobildan tushib, ularning kimligi, ota-onasini surishtirdim. Uzr so‘rash o‘rniga yana so‘kindi ular. Bittasiga shapaloq tortib yubordim, — deydi haydovchi.
Shapaloq yegan o‘smirlardan biri otasiga qo‘ng‘iroq qiladi. Janjal joyiga yetib kelgan fuqaro va uning qarindoshlari haydovchi hamda uning qishloqdoshlari bilan mojaroga boradi. Yog‘och bilan urib, ularga tan jarohati yetkazadi.
Mazkur holat yuzasidan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Mojaroning 5 nafar ishtirokchisiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Izoh (0)