Toshkentning Mirobod tumani “Baynalminal” mahallasida joylashgan uyda yong‘in sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda Davlat yong‘in xavfsizligi xizmati.
Qayd etilishicha, voqea haqida yong‘in-qutqaruv xizmatiga 26-noyabr, seshanba kuni soat 12:36 larda xabar kelib tushgan.
Voqea joyiga 3 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmasi jalb etilgan. Bo‘linmalar chaqirilgan manzilga 7 daqiqada yetib borgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 12:56 da qurshab olinib soat 12:59 da to‘liq bartaraf etilgan hamda alanga qo‘shni xonadonlarga o‘tib ketishining oldi olingan.
Yong‘indan uyning 90 kvadrat metr maydoni saqlab qolingan. Yong‘in oqibatida yashash uyining 50 kvadrat metr maydonida tomi, shifti va ichki jihozlari yonib zararlangan.
Xabarda aytilishicha, yong‘inni o‘chirish vaqtida uy egasining o‘g‘li I.Y.ning kuygan holdagi jasadi topilgan. Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Izoh (0)