Ijtimoiy tarmoqlarda bir yildan ortiqroq vaqtdan buyon “aylanayotgan” g‘ijduvonlik muallima Gulmira Nuriddinovaning o‘limi bilan bog‘liq voqealarga joriy yil 21-oktabrida Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi apellyatsiya instansiyasi ajrim qildi. JIB viloyat sudi raisi o‘rinbosari Abdumannop Shaydoyevga ko‘ra, Shofirkon tumani sudining 2019-yil 11-iyuldagi sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan. Bu haqda “Daryo” muxbiri Laylo Hayitova ma’lum qildi.
Mazkur hukmga ko‘ra, G‘ijduvon tumani Tibbiyot birlashmasiga qarashli 65-son QOP bosh vrachi vazifasida ishlagan Salohiddin Xolov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 116-moddasining 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan va shu moddaga asosan, JKning 45-moddasi qo‘llanilib, uch yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilingan. Unga nisbatan uch yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Eslatma o‘rnida: muallima Gulmira Nuriddinova 2018-yilning 1-yanvaridan 4-yanvariga qadar shifokor Salohiddin Xolovning yashash uyida tashkil qilingan kasalxonada statsionar tartibda yotib, davolanib kelgan. 4-yanvar kuni uning jasadi “Ja’far” arig‘idan topilgan. G‘ijduvon tuman sud-tibbiy ekspertiza eksperti Faxriddin Ahmedov tomonidan murda ekspertiza qilingan va shu kuni “Imom Bakir” qabristonida dafn etilgan. Muallima o‘limidan so‘ng oradan 9 oy vaqt o‘tgach, uning jasadi eksgumatsiya qilingan. Shifokor Salohiddin Xolov ehtiyot shart bilan gumondor sifatida qamoqqa olingan.
Marhumaning yaqinlariga ko‘ra, jasad eksgumatsiya qilinishiga shifokor S. Xolovning kirdikorlari va birlamchi ekspertning o‘lim bilan bog‘liq holat bo‘yicha yolg‘on xulosa berishi sabab bo‘lgan. Bundan tashqari, birlamchi ekspertning ekspertiza jarayonida marhumaning tana a’zolarida zo‘raki o‘lim belgilari aniqlanmagani, shifokor oila a’zolari hamda ekspert tomonidan go‘yo uning hayot davrida “ruhiy xasta bo‘lgan”, deyilgani o‘z-o‘zidan marhumaning yaqinlarini taajjubga solgan.
Ish hujjatlariga ko‘ra, marhuma hayot davrida surunkali yurak ishemik kasalligi, gipertoniya III bosqich, arterial gipertenziya I daraja, xavf guruh IV bosqich, bosh miya orqa chuqurchasi kistasi, 12 barmoqli ichak piyozcha qismi yara kasalligi, eroziv gastrit bilan og‘rigan, statsionar davolangan. Bu esa uning bemor bo‘lsa-da, ruhiy xasta emasligini anglatadi.
Birlamchi ekspert xulosasi o‘z tasdig‘ini topmadi
Birlamchi ekspert xulosasiga ko‘ra, marhumaning tanasi yorib ko‘rilgach, o‘limga sabab bo‘ladigan biror bir kasallikning morfologik belgilari aniqlanmagan. Oshqozoni kesib ko‘rilganda, 0,5 litr atrofida xira loyqasimon suv bo‘lgan. Chap yuz, burun usti terisida joylashgan yuzaki qirilish va shilinmalar marhuma o‘limidan so‘ng suv oqimi ta’sirida tananing shu sohalari suv havzasidagi qattiq o‘tmas jismlarga urilishi, sirpanishidan yuzaga kelgan.
“Marhuma Nuriddinova Gulmira Fazliddinovna o‘limi nafas teshiklarining suv bilan bekilishi, hiqildoq retseptorlarining suvdan ta’sirlanishi va hiqildoqning turg‘un reflektor spazmidan yuzaga kelgan obturatsion mexanik asfiksiya (spastik turi — quruq cho‘kish) oqibatida yuzaga kelgan. Aniqlangan morfologik belgilar, ya’ni o‘pkalarning emfizematoz shishuvi (giperaeriya), sud gistologik tekshiruv natijalari (o‘pkada o‘tkir emfizema, tekshiruv uchun yuborilgan diagnostik a’zolar, ya’ni buyrak bo‘lagi, jigarda 4 ta juda kam diatom — plankton ekzemplyari topilganligi, nazorat o‘pkada 35 ta diatom — plankton ekzemplyari topilgan”,—deyilgan ekspert F. Ahmedov xulosasida.
Buxoro viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi katta tergovchisi, 2-darajali yurist J.Haydarov JIB Buxoro shahar sudining 23.07.2018-yildagi murdani eksgumatsiya qilish to‘g‘risidagi ajrimiga asosan Respublika sud tibbiy ekspertiza bosh byurosi eksperti, viloyat IIB xodimlari, viloyat prokuraturasi vakillari va xolislar ishtirokida eksgumatsiya o‘tkazilishini ma’lum qilgan. Marhumaning yaqin qarindoshlari eksgumatsiyaga qarshi ekanliklari sababli IIB xodimlari ishtirokida tartib ta’minlangan va so‘ngra jasad qabrdan chiqarilgan.
Eksgumatsiya: tekshiruv, xulosa, natija
Respublika sud-tibbiy ekspertiza bosh byurosi eksperti Shohsanam Yadgarova tomonidan “Daryo”ga taqdim etilgan 96-ekspert xulosasiga ko‘ra, eksgumatsiya harakati sun’iy yorug‘likda o‘tkazilgan. Murda rangsiz sellofan bilan to‘liq o‘ralgan, u ochilganda, murda o‘ralgan oq rangli mato chirib qizg‘ish qo‘ng‘ir rangga qirgan, ilvirab, tegilsa yirtilib ketadigan holda bo‘lgan. Mato murdadan ajratib olinganda, uning teri qoplamlari chuqur chirish jarayonida bo‘lgan. Murda yuzi terisi to‘q qo‘ng‘ir rangda yopishib ketgani bois, kimligini farqlashning imkoni bo‘lmagan.
Murdada bosh tepa ensa sohasida birlamchi ekspertiza jarayonida ochib tekshirilganligini tasdiqlovchi tikilgan joylari mavjud bo‘lgan. Birlamchi ekspertiza jarayonida kesilib tikilgan jarohatlaridan tashqari, boshqa shunga o‘xshash jarohat yoki ularning izlarini topishning imkoni bo‘lmagan. Kalla gumbaz suyaklari arralanib, kalla asos bo‘shlig‘i ponasimon suyak tanasidan doloto yordamida kuchli zarba bilan urilib, chopma teshik hosil qilingan. 2x2 santimetr o‘lchamdagi suyak parchasi olib tashlangan. 0,5 millilitrli shprits yordamida bo‘shliqda suyuqliq bor-yo‘qligini aniqlashga kirishilgan. Biroq, biror bir suyuqlik topilmagan. Birlamchi sud tibbiy ekspertiza tekshiruvi jarayonida tikilgan iplar kesilgan va murda bo‘yin ko‘krak va qorin bo‘shliqlari ochilgan. Bundan tashqari, tekshiruv jarayonida suyak tizimida sinish yoki shunga gumon bo‘lgan holatlar ham aniqlanmagan.
O‘tkazilgan qayta ekspertiza jarayonida murda eksgumatsiyasi vaqtida birlamchi ekspertiza tekshiruvi uchun tana bo‘shliqlarining ochilib tikilgan sohalardan tashqari, chuqur chirish jarayoni kechayotganligi sababli marhumaning tanasida boshqa tan jarohati yoki ularning izlari mavjudligini aniqlash imkoni bo‘lmagan. Suyak tizimida sinish, yorilish kabi jarohatlar aniqlanmagan.
Ammo birlamchi sud tibbiy tekshiruvi jarayonida murda boshining tepa sohasida tashqi tomondan chetlari noaniq, o‘lchami 7x5 santimetr atrofida teri qizg‘ish tusdagi, paypaslanganda shishli, shu soha ichki yuzasidan ko‘rilganda, 3,5x2,5 santimetr va 2,0x1,8 santimetr o‘lchamlarda to‘q qizil rangli qon quyilish mavjudligi aniqlangan. Ushbu jarohatlar sohasidan sud gistologik tekshiruv uchun esa namuna olinmagan.
Eksgumatsiya jarayoni IIB xodimi tomonidan fotosuratga olib borilgan. Eksgumatsiya yakunlangach, marhumaning murdasi qabrga qo‘yilib, qabr dastlabki holatiga keltirilgan.
Muallima suvga cho‘kib emas, dori vositasidan zaharlanib o‘lgan
Birlamchi murda tekshiruvi vaqtida marhumaning ichki a’zolardan olingan tashxis qo‘yish uchun asos bo‘lgan (diagnostik) a’zolar jigar, buyrak hamda qayta ekspertiza jarayonida eksgumatsiya yo‘li bilan olingan o‘ng son suyagi iligi tarkibida Bosh byuroda o‘tkazilgan diatom-plankton tekshiruvi jarayonida diatom-planktonlar topilmagani ko‘rsatilgan. Eksgumatsiyadan so‘ng tekshiruv uchun taqdim etilgan diagnostik a’zolar buyrak, jigar va o‘ng son suyak iligida diatom-plankton topilmagan, nazorat a’zo o‘pkadan esa 12 ta ekzemplyar diatom planktoni topilgani aytilgan.
Bosh byuroda sud gistologik bo‘limda o‘tkazilgan qayta ekspertiza tekshiruvda aniqlangan faktlarga ko‘ra, o‘pkada cho‘kishga xos bo‘lgan o‘tkir emfizema(giperaeriya) belgilari aniqlanmaganligi marhumaning suvga o‘limidan keyin tushirganligidan dalolat beradi, deyilgan. Shunga ko‘ra, eksgumatsiya xulosasida berilishicha, o‘tkazilgan qayta gistologik tekshiruvlar jarayonida birlamchi ekspert xulosasi o‘z tasdig‘ini topmagan. Takroriy ekspertiza ko‘ra, marhuma Gulmira Nuriddinova suvga cho‘kib emas, yuborilgan dori vositasidan zaharlanib o‘lgani oydinlashgan.
Buxoro viloyat Sog‘likni saqlash boshqarmasining 2019-yil 11-fevraldagi 01/90-sonli xati orqali o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, F. Ahmedov tomonidan murdaning to‘liq tekshirilmasdan, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani ko‘rsatilgan.
Qayta ekspertiza xulosasi adolat qaror topishiga asos bo‘lgan
Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi appelyatsiya instansiyasi ajrimiga ko‘ra, unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 238-moddasi, 1-qismi bilan JKning 45-moddasi qo‘llanilgan holda 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 2 yil ozodlikdan cheklash jazosi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Ayni paytda F. Ahmedov ushbu jazo muddatini o‘tamoqda. Biroq, u appelyatsiya sudida ham aybsizligini va STE bosh byurosining 96-xulosasida bildirgan e’tirozini rad etgan. O‘z noroziliklarini bildirgan. Xuddi shuningdek, ushbu holat bo‘yicha o‘tkazilgan surishtiruvda joriy yil 2-sentabrida “Daryo”da e’lon qilingan intervyusida “Respublika sud-tibbiy ekspertiza bosh byurosi eksperti Shohsanam Yadgarova tomonidan olib borilgan ekspertizada me’yoriy-huquqiy hujjatlarga zid ravishda asossiz tarzda xulosa berilgan, eksgumatsiyada e’tiborsizlik bo‘lgan. Xo‘jako‘rsinga ish qilingan. Jasad holatiga nisbatan noto‘g‘ri xulosalangan”, deya noto‘g‘ri ko‘rsatma bergani oydinlashgan. Uning huquq-tartibot idoralariga qayta komissiyaviy sud-tibbiy ekspertiza tayinlash talabi bilan chiqqan vajlari inobatga olinmagan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi appelyatsiya instansiyasi ajrimida birlamchi ekspert xulosasi rad etilgan.
Xususan, STE bosh byurosi xulosasiga ko‘ra, Gulmira Nuriddinovaning o‘limiga qo‘llanilgan turli dorilar, surunkali yurak ishemik kasalligi, gipertoniya kasalligi fonida rivojlangan o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi natijasida kelib chiqqan gemorragik o‘pka shishi sabab bo‘lgan. Marhumaning suvga o‘limidan keyin tushirilganligi STE bosh byurosi hamda Respublika patologoanatomiya markazida o‘tkazilgan qayta gistologik tekshiruvlar natijalari bilan tasdiqlangan.
Ish holatiga ko‘ra, S. Xolov litsenziya olmasdan uyida qonunga zid ravishda tibbiy faoliyat bilan shug‘ullangan. Uyida tibbiy faoliyat yuritishi uchun tibbiy asbob-ukunalari mavjud bo‘lmagan. O‘zi sodir etgan jinoyatini yashirish, xususiy klinikasi faoliyatini fosh etmaslik uchun G. Nuriddinovani o‘z joniga qasd qilgan, deb ko‘rsatgan va uning murdasini avtomashinaga ortib, G‘ijduvon tumani, “Havzak” MFY, Xo‘jala qishlog‘idan oqib o‘tuvchi “Ja’far” arig‘iga tashlab yuborgan.
Sud hay’ati tomonidan sudlanuvchi Salohiddin Xolov va uning himoyachilari, shuningdek, sudlanuvchi F. Ahmedov va uning himoyachilarining sudda 2018-yil 8-sentabrdagi 96- xulosani noto‘g‘ri ekanligi haqida bildirgan shikoyat va vajlari tasdig‘ini topmagan, deb hisoblangan.
Hukm o‘zgarishsiz qoldirilib, keltirilgan appelyatsiya shikoyatlari qanoatlantirilmagan.
— Sudlanuvchi Salohiddin Xolov ehtiyotsizlik oqibatida o‘z kasbiga nisbatan beparvolik yoki insofsizlik bilan munosabatda bo‘lishi tufayli kasb yuzasidan o‘z vazifasini lozim darajada bajarmagan va odam o‘limiga sababchi bo‘lgan. Biroq, sudda sudlanuvchining muqaddam sudlanmaganligi inobatga olindi. Shunga ko‘ra, Jinoyat Kodeksining 116-modda, 3-qismi bilan aybli, deb topildi. Ushbu moddaga asosan, shaxsning o‘z kasbiga nisbatan beparvoligi yoki insofsizlik bilan munosabatda bo‘lishi tufayli kasb yuzasidan o‘z vazifalarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi, badanga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lsa, uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Bu o‘rinda Respublika sud-tibbiy ekspertiza bosh byurosi eksperti Shohsanam Yadgarova xulosalari to‘g‘ri bo‘lib chiqayapti. Ekspertning xulosasi sudlanuvchini ayblashda asos bo‘la oldi. Advokat yoki boshqa shaxslarning holatga munosabati borasida so‘z ketganda, bevosita bu ularning kasb etikasidan kelib chiqqan fikri. Bu esa ularning talabiga ko‘ra, sudlanuvchining oqlanishi uchun asos bo‘lolmaydi,—dedi “Daryo”ga Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi raisi o‘rinbosari Abdumannop Shaydoyev.
Izoh (0)