“Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri kuchga kirishi bilan valyuta “qora bozori” yo‘q bo‘lib qolmaydi. Bu haqda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Bobur Abubakirov yangi tahrirda qabul qilingan “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov.
Anjumanda Bobur Abubakirov valyutaga oid yangi tahrirdagi qonun kuchga kirishi bilan “qora bozor” faoliyatiga barham beriladimi yoki yo‘qmi, qabilidagi savolga javob berarkan, ushbu muammoning yechimi ko‘proq valyuta bilan bog‘liq bo‘lmagan masalalarga taalluqli ekanligini ta’kidladi.
“Oxirgi vaqtlarda nohalol xo‘jalik yurituvchi subyekt degan tushuncha paydo bo‘ldi. Ya’ni, nohalol subyekt soliqdan qochish yoki majburiy to‘lovlardan bosh tortish maqsadida o‘z faoliyatini bankdan tashqarida amalga oshiradi. Lekin bu ularga qarshi hech qanday ish qilinmaydi degani emas. Ma’lum bir iqtisodiy choralar ko‘riladi”, — dedi Markaziy bank raisi o‘rinbosari.
“Birinchi navbatda, xo‘jalik yurituvchi subyekt bo‘ladimi, jismoniy shaxs bo‘ladimi, rezident yoki norezident bo‘ladimi — o‘z valyuta mablag‘ini erkin tasarruf qilishiga shart-sharoit yaratish bilan kurashiladi. Qulayliklar yaratilgach, o‘ylashimcha, o‘zi-o‘zidan ‘qora bozor’ga yoki xufiyona iqtisodiyotga, bankdan tashqari valyuta amaliyotlariga barham beriladi”, — dedi u.
Avvalroq O‘zbekiston Senatining 23-yalpi majlisida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurotov “qora bozor”ga qarshi prokuratura yoki boshqa organlar orqali kurashishni to‘g‘ri deb hisoblamasligini ta’kidlagan edi.“Muammoni faqat va faqat qilayotgan iqtisodiy xatti-harakatlarimiz bilan, aholini milliy valyutamizga bo‘lgan ishonchini shakllantirish va mustahkamlash bilan bartaraf etish mumkin. Eng avvalo, biz bunga sharoit yaratib bersak, xorijiy valyutada oldi-sotdi qilish holatlari o‘z-o‘zidan kamayib ketaveradi”, — deb aytgandi Markaziy bank raisi.
Izoh (0)