17-oktabr, payshanba kuni Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi neyroxirurgiya bo‘limida g‘uzorlik Ozod Normatovning bo‘ynidan igna olib tashlangani haqida xabar berilgan edi.
“Sevimli” telekanalining “Zamon” axborot dasturida bu operatsiya aks etgan lavha efirga uzatildi.
Yigitning otasi Ro‘ziboy Normatovning so‘zlariga ko‘ra, 16-oktabr kuni o‘g‘li Ozodbekning ahvoli yomonlashib, qayt qilgan. Shundan so‘ng, G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilingan. Tekshiruvlar natijasida yigitning igna yutib yuborganligi aniqlangach, u respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialiga yotqizilgan.
Qayta tekshiruvlar igna tananing xavfli joyida joylashganini va uni operatsiya yo‘li bilan olib tashlash mumkinligini ko‘rsatgan. Operatsiya 45 daqiqa davom etgan va muvaffaqiyatli yakunlangan.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yilning yanvar oyida farg‘onalik 11 oylik bolaning tanasida 15 igna topilgan va ularning 12 tasi olib tashlangan edi. Ignalar bolaning tanasiga tashqi tomondan tiqilgani ma’lum bo‘lgan va bu holat bo‘yicha Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi ochilgan edi.
Izoh (0)