Turkmanistonning Turkmanboshi shahridan 12 kilometr uzoqlikda joylashgan Avaza kurortida ayollarga cho‘milish kiyimida yurish taqiqlandi. Fergana News’ning xabar berishicha, qoidani buzganlar 200 manat (27-sentabr holatiga ko‘ra 57 dollar) miqdorida jarimaga tortiladi.
Xabarda aytilishicha, taqiq nafaqat bikinilarga, balki ochiq yoki tor kiyimlarga ham taalluqlidir. Ayollarga ko‘ylaklarida cho‘milishiga to‘g‘ri kelmoqda. Dress-kodni sohilda patrullik qiladigan maxsus politsiyachilar kuzatadi.
Ta’kidlanishicha, bu mahalliy sayyohlarni Avazadan cho‘chitmoqda va ular dam olish uchun Kaspiy sohillaridan boshqa joylarga bormoqda. Taqiq bu yilgi ta’til mavsumidan amal qilishni boshlagan. 2018-yilda ham cheklovlar bo‘lgan, lekin unda tekshiruv bunchalik qattiq bo‘lmagan va ayollar jarimaga tortilmagan.
Shu bilan birga, Turkmaniston hukumati o‘z fuqarolari tashqi ko‘rinishida konservatizmni saqlashga intilib, axloqqa zid deb topilgan ayrim kiyim va pardoz muolajalariga qarshi muntazam kurashib kelmoqda.
2018-yilda mamlakat bozorlarida bikini va shorti sotishga norasmiy taqiq joriy etilgan. Keyinchalik qomatni bildirib turadigan tor ko‘ylaklarga ham taqiq qo‘yilgan. Uning o‘rniga qomatni butunlay yopib turuvchi, yengi bilaklargacha bo‘lgan faqat to‘g‘ri bichimdagi uzun ko‘ylaklar tafsiya qilingan. Ashxoboddagi davlat muassasalarida ishlaydigan ayollarga esa tirnoqlarni o‘stirish va bo‘yash taqiqlangan.
Izoh (0)