Prezident Shavkat Mirziyoyevning qaroriga asosan Fazliddin Karimovich Umarov Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, deya xabar bermoqda qo‘mita matbuot xizmati.
Fazliddin Umarov 2001-yili Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini buxgalteriya hisobi va audit mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 2005—2006-yillarda Soliq akademiyasida davlat soliqlari va yig‘imlari mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olib, magistr darajasini olgan.
U davlat soliq xizmati organlarida 16 yillik mehnat tajribasiga ega bo‘lib, 2006—2015-yillarda Davlat soliq qo‘mitasining turli tuzilmalarida bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2015—2017-yillarda Moliya vazirligining Soliq va bojxona-tarif siyosati boshqarmasida sho‘’ba mudiri bo‘lib ishlagan.
Fazliddin Umarov 2017-yildan shu kungacha Hisob palatasining Qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlash va xarajatlarni tahlil qilish axborot-tahlil sho‘basi bosh inspektori lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Avvalroq Abdulla Azizov ham Davlat soliq qo‘mitasi raisiga o‘rinbosar etib tayinlangani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)