Olmaota viloyati politsiya departamenti mahalliy politsiya xizmati boshlig‘i Marat Kushtibayev lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda Qozog‘iston ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bunga YouTube kanalida politsiyachilarga nisbatan kurakda turmaydigan haqoratlar yog‘ilgan audioyozuv joylashtirilgani sabab bo‘ldi. Yozuv muallifiga ko‘ra, mahalliy politsiya xizmati boshlig‘i shu tariqa qo‘l ostidagilarni tanqid qilgan.
Qozog‘iston IIV ichki xavfsizlik departamenti xizmat tekshiruvi o‘tkazdi va yakunda vazir Yerlan Turgumbayevning buyrug‘i bilan Kushtibayev vazifasidan ozod etildi.
Oldinroq vazir o‘rinbosari Maxambet Abisatov ham shunday vaziyatga duch kelgandi. YouTube’da uning nafaqat fotosi va haqoratlardan iborat audioyozuvi, balki “Istalgan ‘razbor’da buni asoslab beraman” degan ko‘cha gapi ham eshitilgandi. Shundan keyin Abisatov ishdan olindi.
Izoh (0)