MDHga a’zo davlatlarning xavfsizlik va razvedka xizmati rahbarlarining yig‘ilishida Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) beshinchi xizmati rahbari Sergey Beseda IShID terrorchilik tashkiloti jangarilarining Afg‘onistonning shimoliy hududlariga kiritilishida AQSh maxsus xizmatlarining aloqasi borligini ma’lum qildi. FXX vakilining aytishicha, Vashington MDH mamlakatlari chegaralaridagi vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida terrorchilarni yo‘llagan. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.
“Afg‘onistonning shimoliy hududlariga IShID jangarilarining kiritilishiga AQShning aloqasi borligi haqida ma’lumotlar mavjud. Bu MDH janubiy chegaralari, kelajakda esa Markaziy Osiyo mamlakatlarida barqarorlikka rahna solish maqsadida qilingan harakat”, — deydi Beseda.
FXX vakilining fikricha, MDHga a’zo davlatlarni tashqi kuchlarning halokatli ta’siridan himoyalash uchun bu kabi holatlarga dastlabki bosqichlarda munosabat bildirish lozim.
Eslatib o‘tamiz, MDHga a’zo davlatlarning xavfsizlik va razvedka xizmati rahbarlarining 16-yig‘ilishi Qozonda bo‘lib o‘tmoqda va forumda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmanistondan delegatsiyalar ishtirok etmoqda.
Mavzuga doir: Abdusalom Azizov xavfsizlik va razvedka xizmati rahbarlarining forumida ishtirok etish uchun Qozonga borishi kutilmoqda
Izoh (0)