Shotlandiyaning Glazgo shahrida Mineral konlar amaliy geologiya jamiyati konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda o‘zbek delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Bu haqda ‘‘Daryo’’ga Innovatsiya vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
SGAning 15-konferensiyasida 75 davlat vakillari ishtirok etgan. Konferensiyasida O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi direktor o‘rinbosari Rustam Xolmatov qatnashib, ilk bor O‘zbekiston nomidan ma’ruza qilgan.
Ma’ruzada, Ilg‘or texnologiyalar markazi olimlari tomonidan ishlab chiqilgan qimmatbaho metallar yashirin konlarini qidirish, tiplashtirish va baholashning mineral-geokimyoviy nanotexnologiya usuli haqida ma’lumot berilgan.
Rustam Xolmatovning aytishicha, bugungi kunda sirtki qatlamdagi barcha konlar allaqachon topilgan, endigi maqsad – qimmatbaho metallarning yashirin konlarini topishdan iborat.
Bundan tashqari, Ilg‘or texnologiyalar markazining Geofizika va nanominerologiya laboratoriyasi yetakchi ilmiy xodimi, professor Rustam Koneyev poster ma’ruzasi bilan ishtirok etgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, konferensiya so‘ngida o‘zbek olimlari Chexiya Geologiya xizmati bilan qo‘shma tadqiqotlar bo‘yicha muzokaralar olib borgan.
Ma’lumot uchun, Mineral konlar amaliy geologiyasi jamiyati (SGA) — 1965-yili tashkil etilgan bo‘lib, jahoning 1300 dan ortiq ilm-fan va tog‘-kon sanoati vakillari unga a’zo.
Izoh (0)