Cambridge Assessment International Education’ning yetakchi ekspertlari Stiv King hamda Dominik Sleyd Britaniya kengashining loyihasi doirasida O‘zbekistondagi xalq ta’limi tizimini tahlil qildi. Ular 10 va 11-sinflar o‘quvchilariga o‘zlari ta’lim oladigan yo‘nalishlarni erkin tanlash imkoniyatini berishni tavsiya etmoqda, deb xabar berdi Xalq ta’limi vazirligi.
Mutaxassislar bunday erkin tanlov 10 va 11-sinf o‘quvchilarining OTMlarga kirish imtihonlarini muvaffaqiyatli o‘tkazishida muhim ahamiyatga ega deb hisoblamoqda. Shuningdek, ular milliy o‘quv dasturini ishlab chiqish, vakolat doirasidagi yondashuv asosida o‘qitishni yengillashtirish maqsadida darsliklarni qayta ko‘rib chiqish lozimligini ta’kidladi. Jarayonda pedagogika universitetlarga bilimi kuchli abituriyentlarni jalb qilishning ahamiyati katta ekanligi qayd etildi.
Ekspertlar maktablar faoliyatiga baho berishga ixtisoslashgan maxsus tashkilot tuzish, shuningdek, o‘qituvchilarni sertifikatsiyalash tizimini qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qildi. Ularning qayd etishicha, xalq ta’limi tizimida kuzatilgan muammolar boshqa davlatlarda ham mavjud.
Britaniyalik mutaxassislarning tahlillar yuzasidan yakuniy hisoboti Xalq ta’limi vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.
Izoh (0)