Bu yil O‘zbekiston birinchi marotaba o‘z hududida butun jahon bo‘ylab ommalashib borayotgan Xalqaro armiya o‘yinlarini o‘tkazishga hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqda “Daryo”ga Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti ma’lum qildi.
Jizzax viloyatida joylashgan “Forish” tog‘ poligoni “ArMI-2019” doirasida o‘tkaziladigan “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasi ishtirokchilarini kutib olmoqda.
Xalqaro musobaqani o‘tkazish uchun yaratilgan zamonaviy va qulay shart-sharoitlardan tashqari poligonda O‘zbekistonning barcha viloyatlari diqqatga sazovor ko‘rgazmalari bilan yig‘ilgan.
12 ta viloyat, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahri milliy an’ana va udumlari, asrlar davomida saqlanib kelinayotgan meroslarini namoyish qilmoqda.
Shuningdek, mehmonlar bu yerda milliy suvenir buyumlarini xarid qilish uchun ham imkoniyat mavjud.
Har oqshom Mudofaa vazirligi hamda Jizzax viloyati hokimligi tomonidan musobaqa qatnashchilari uchun mahalliy va harbiy estrada guruhlari ishtirokida konsert dasturlari uyushtirilmoqda.
V Xalqaro armiya o‘yinlari “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovining ochilish marosimi 4-avgust kuni bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)