Kosovo bosh vaziri Ramush Xaradinay iste’foga chiqdi. 19-iyul kuni hukumat majlisida Xaradinay tomonidan o‘qilgan ariza uning Facebook’dagi sahifasida e’lon qilindi, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.
“Sizlarga shuni ma’lum qilamanki, bugun iste’foga chiqish qarorini qabul qildim. Men Kosovoda sodir etilgan harbiy jinoyatlarni tekshirish bo‘yicha Gaagadagi maxsus sudga gumonlanuvchi sifatida so‘roq qilinish uchun chaqirilganim sabab iste’foga chiqdim. Bosh vazir va mamlakat obro‘siga putur yetmasligi kerak, shu sababli so‘roqqa bosh vazir emas, oddiy fuqaro sifatida boraman”, — deydi Xaradinay.
Uning ta’kidlashicha, hukumat o‘z funksiyalarini bajarishni davom etadi va prezident qonun doirasida yangi saylovlarni belgilab beradi.
Shuningdek, Xaradinay o‘z nutqida Serbiya bilan kelishuvga erishish xato yo‘l ekanligini qayd etib o‘tdi. U o‘z hukumati tomonidan serb tovarlariga belgilangan 100 foizli boj to‘lovlari bekor qilinishiga qarshi.
Kosovо bo‘yicha maxsus tribunal 2015-yilda Gaagada harbiy jinoyatlarni tergov qilish uchun tashkil etilgan. Maxsus sud 2000-yildan buyon o‘ldirilgan 500 nafardan ortiq serbiyalik bo‘yicha tergov olib bormoqda.
Izoh (0)