Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudida pora bilan qo‘lga tushgan Samarqand viloyat Advokatlar palatasi rahbari Otabek Axtamov jinoiy harakatlari yuzasidan sud ishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Samarqand shahridagi “Qomus” advokatlar hay’ati boshqaruvchisi hamda Advokatlar palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i vazifalarida ishlab kelgan Otabek Axtamov 2017-yilning 13-iyul kuni Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan B.A. va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishida ayblanuvchi B.A.ning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun “Qomus” advokatlar hay’atining 2017-yil 13-iyuldagi 957-sonli orderini taqdim qilgan.
Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha olib borilayotgan tergov harakatlarida ayblanuvchi B.A.ning himoyachisi sifatida ishtirok etib kelgan Otabek Axtamov B.A.ning turmush o‘rtog‘i N.A.ning ishonchiga kirib, unga turmush o‘rtog‘iga 2017-yilning 14-iyul kuni tanlangan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini garov ehtiyot chorasiga o‘zgartirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga bank muassasasiga 220 million so‘m miqdoridagi pul mablag‘ini 3 kun ichida topshirish kerakligini, aks holda B.A.ga nisbatan tanlangan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi o‘zgarishsiz qolib ketishini aytgan.
2017-yilning 15-iyul kuni o‘zining Pastdarg‘om tumani “Nayman” mahallasida joylashgan uyida N.A.dan 17 500 dollar, 18-iyul kuni Samarqand shahar “Qomus” advokatlar hay’ati binosida 10 000 dollar, jami 27 500 dollar miqdoridagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, o‘zining ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Shuningdek, Otabek Axtamov xizmat mavqeidan foydalanib, viloyat prokuraturasi tomonidan TIF “Milliy bank” Samarqand viloyat bo‘limi mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilayotgan jinoyat ishi yuzasidan fuqaro F.B.ning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun “Qomus” advokatlar hay’atining 2018-yil 22-iyulda 2029-sonli orderini taqdim qilgan. Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha olib borilayotgan tergov harakatlarida F.B.ning himoyachisi sifatida ishtirok etib, 2018-yilning 3-sentabrida jabrlanuvchi N.K.dan uning singlisi – ayblanuvchi F.B.ga oid jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov davomida yengillik qilib berish, qoplanmagan zararni yo‘q qilib berishni va’da qilgan. N.K.ga viloyat prokuraturasi mansabdor shaxslari orqali ish yuzasidan tayinlangan sudga oid xatshunoslik ekspertiza xulosasini F.B.ning foydasiga ijobiy hal qilib berishini aytgan.
2018-yilning 4-sentabr kuni soat taxminan 14:35 atrofida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Otabek Axtamov Advokatlar palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi binosining majlislar xonasida N.K.dan juda ko‘p miqdordagi kelishilgan 20 000 dollardan 11 900 dollarini firibgarlik yo‘li bilan olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Otabek Axtamov firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchini suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida, jabrlanuvchi Lyudmila Kimning ishonchiga kirib, uni aldab, u bilan birga Urgut tumanida savdo majmuasi qurib, olingan foydadan ulush berishni va’da qilib, dastlab 2014-yil 24-sentabrda tanishi – advokat Bahodir Jumanov orqali jabrlanuvchi L.K.ning Samarqand shahar “Taraqqiyot” ko‘chasida joylashgan uyidan 20 000 dollarni, shuningdek, dastlabki tergov davomida shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmagan shaxslarni L.K.ning uyiga yuborib, undan 2014-yilning 26-sentabrdan 2018-yilning iyun oyi oralig‘ida 137 400 dollarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi sudyasi B.Aliqulovning ma’lum qilishicha, Otabek Axtamov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda firibgarlik), 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandida (Juda ko‘p miqdorda) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 3 yil muddatga muayyan huquqdan, ya’ni advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilinib, eng kam oylik ish haqining 300 baravari miqdorida jarima va 12 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Izoh (0)