Keyingi yillarda milliy san’at va san’atni takomillashtirish va yanada rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar O‘zbekistonda kuzatilayotgan quvonarli yo‘nalishlardan biri bo‘lmoqda. Bu ishlar davlatimizning strategik ustuvorliklari darajasiga ko‘tarildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Xalqaro maqom san’ati festivali (birinchi marotaba 2018-yilda Shahrisabzda o‘tkazildi), Xalqaro bahshichilik san’ati festivalini (birinchi marotaba 2019-yilning aprel oyida Termizda o‘tkazildi) o‘tkazish haqidagi qarorlari, muntazam o‘tkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” xalqaro festivali (joriy yilda u 12-marotaba Samarqandda o‘tkaziladi) buning yaqqol tasdig‘idir.
Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar ushbu barcha festivallarning ajralmas qismi hisoblanadi. Ularni festival dasturlariga kiritilishidan maqsad tushunarli va shubhasiz to‘g‘ri. Konferensiyaning xalqaro maqomi milliy va xorijiy olimlar-musiqashunoslarni yangi ilmiy yutuqlar bilan o‘zaro tanishtirish, muammoli masalalarni bahsu munozaralarda muhokama qilish va, eng muhimi, turli mamlakatlar mutaxassislari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik uchun ilmiy aloqalarni o‘rnatish imkonini beradi. Ammo Shahrisabz va Termizda konferensiyalarni o‘tkazish amaliyoti bu holda kelgusida bartaraf qilinishi lozim bo‘lgan qator jiddiy kamchiliklar borligini namoyon qildi.
Ma’lumki, ilmiy aloqalar konferensiyaning asosiy ish vaqtidan bo‘sh bo‘lingan muddatda uning ishtirokchilari o‘rtasida bevosita muloqotlarni nazarda tutadi. Lekin O‘zbekiston delegatsiyasi bunday mulaqotdan amalda mahrum etilgandi, chunki uni Shahrisabzdan 25 kilometr uzoqlikka, Termizda shahardan 24 kilometr uzoqlikka joylashtirishgandi. Yashash sharoitlari anchagina badastir, xizmat ko‘rsatish — iltifotli va samimiy edi, maxsus avtobus ajratilgandi. Lekin voqealarning markazidan uzoqlik tufayli xorijiy mehmonlar bilan to‘la qonli muloqot olib borish imkoni bo‘lmadi. Qisqagina tanaffus vaqtidagi yuzaki tanishuvlar yoki tashrif qog‘ozlarini almashishni bunday muloqot deyish qiyin, tushlik vaqtida esa delegatsiyalarni turli joylarga eltib qo‘yishdi. Shunday qilib, konferensiyaning bu maqsadiga erishilmadi.
Termiz konferensiyasining dasturi tom ma’noda “yo‘l-yo‘lakay” o‘zgarib turdi, shu tufayli asosiy tashkilotchilardan biri bo‘lmish O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasini taqdim etuvchi O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari xorijlik hamkasblar huzurida birorta ham (!) ma’ruza o‘qimadilar (boz ustiga, dasturning ingliz zabon qismiga o‘zbek mutaxassislarining biror axboroti umuman kiritilmadi). Konferensiyaning ikki kuni (dasturda rejalashtirilgan sho‘balarga bo‘linmagan holda) butunlay xorijlik vakillarga berilgandi. Ma’lumki, mehmonlarga ehtirom ko‘rsatish- milliy mentalitetimizning shak-shubhasiz qadriyatlaridan biridir, ammo natijada istalgan ilmiy konferensiyaning muhim maqsadi bo‘lgan tadqiqotlar natijalari bilan o‘zaro tanishuv — amalga oshmay qoldi. Milliy olimlarga xalqimizgagina mansub bo‘lgan bahshichilik san’atining boy tarixi va zamonaviy holati, filologlar, folklorchilar, etnomusiqashunoslarning milliy merosning yuqori darajadagi o‘ziga xos qatlamini saqlash bo‘yicha faoliyatlari so‘zlab berish imkoniyati taqdim etilmagani ayniqsa ranjitdi. Vakillarimizdan hech narsa tinglamagan xorijlik olimlarda bu sohadagi filologik va san’atshunoslik fanlarimiz yutuqlari haqida qanday tasavvur paydo bo‘lishi mumkin?
Mana shunday konferensiyalarning umumiy kamchiligi — bu yakuniy munozaralarni, fikr almashish mavjud emasligini afsus bilan qayd etish mumkin — axir shu maqsadda ham ular o‘tkazilishi lozimku. Boshqacha aytganda, ularning yana bir muhim maqsadiga erishilmayapti. Undan tashqari, tarjimalarning (odatda, ingliz tiliga va qayta tarjima) mutlaqo past darajasi umumiy kamchilik hisoblanadi. Bu narsa Shahrisabzda ayniqsa sezilarli bo‘ldi, bu yerda zarur ko‘nikmalari va maxsus terminologiyalarni yo‘qligi tufayli jalb qilingan kollej o‘quvchilariga (!), ular juda ham harakat qilishlariga qaramasdan, hatto ingliz tilidagi tayyor matnlarni o‘qish juda ham qiyin bo‘ldi.
O‘zbekistonlik olimlarga Festivallarning ochilish marosimlariga ruxsatnomalar ajratilmasligi odatga aylanib qolishi xavfi bo‘lgan yana bir umumiy tashkiliy muammolardan biri hisoblanadi. Bu Shahrisabzda kuzatildi, ko‘p hollarda Samarqandda ham bo‘lib turadi. Ammo Termizda kishini ayniqsa g‘azablantiradigan voqea yuz berdi, O‘zR Prezidenti Sh.Mirziyoyev qutlov so‘zida nomma-nom tilgan olgan, bahshichilik san’ati festivalini tashabbuskorlaridan bo‘lgan O‘zbekistonning taniqli olimlari – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi akademigi To‘ra Mirzayev, fan doktori, professor Mamatqul Jo‘rayev, fan doktori, professor Jabbor Eshonqulov tadbirni ochilish marosimida ishtirok etishmadi. Sabab? Ruxsatnomalar boshqa nomlarga yozilgandi, vaholanki, o‘zbek delegatsiyasi a’zolari (11 nafar) haqidagi barcha ma’lumotlar Festival shtabiga taqdim etilgandi. Aytishingiz mumkin, tashkiliy xatoliklar hamma joyda bo‘lishi mumkin. Lekin, agarda ruxsatnomalarni tarqatish butunlay tashkilotchilarning qarorlari va harakatlariga bog‘liq bo‘lsa, bunday xatoliklar o‘zbek olimlariga nisbatan qayta-qayta takrorlanayotganini nima deb atash mumkin? Bularni barchasi, yuqorida tilga olingani ham, yumshoqroq aytganda, xorijlik ishtirokchilarning, ish joyidagi hamkasblarning va olimlarning hayratini keltirib chiqarmoqda, u umuman olganda, olimlarimizning obro‘sini oshirishga ko‘mak bermaydi. Adolat yuzasidan aytish lozimki, madaniyat vaziri o‘rinbosari, hamda Surxandaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchilar tashkilik anlashilmovchilar uchun o‘zbek delegatsiyasiga o‘zlarining uzlarini bildirishdi. Juda ham hashamatli dasturxon yozildi, muhtaram olimlarimizga sovg‘alar topshirishdi, delegatsiyaning barcha a’zolari sovg‘alar to‘plamlarini olishdi... Lekin bu narsa keyin, xorijlik mehmonlar yo‘qligida bo‘ldi.
Shunday qilib, tabiiy savol tug‘iladi: garchand ilmiy konferensiya o‘zining bevosita vazifasini bajarmayotgan ekan, umuman Festival doirasida unga hojat bormikan, axir sayyohlar va fuqarolarimizning jo‘shqin qiziqishini uyg‘otadigan san’atning tanlov namoyishiga, yorqin va serhasham yarmarkalarga asosiy e’tibor qaratiladiku? Mazkur konferensiyalar rasmiyatchilik uchun ilova, mana ko‘rib qo‘ying, ilmiy qism ham mavjud deyishga vaj bo‘ladigan “chiroyli surat”ni yaratish uchun bahonagina bo‘lib qolmayaptimikan…
Bunday konferensiyalar, albatta, zarur, lekin o‘tkazish formatini, agarda uning maqsadi ilmiy natijaga erishish bo‘lsa, tubdan o‘zgartirish lozim. Ularni samaradorligini oshirish uchun quyidagilarni amalga oshirish zarur:
- tashkiliy qo‘mita taklif qilgan namunaga moslashtirilgan ma’ruzalar annotatsiyasini (to‘liq matnlarni emas) topshirish muddatlari qat’iyan bajarilishi lozim (odatda, ular oshirish tomon suriladi) – bu esa tashkiliy qo‘mitaga axborot mazmuni bilan diqqat bilan tanishish, ularni mavzu bo‘yicha aniqroq taqsimlash va o‘z vaqtida (yo‘l-yo‘lakay emas) dasturni tuzish imkonini beradi. Xorijda o‘tkaziladigan Xalqaro ilmiy konferensiyalarning tajribasini ko‘rsatishicha, dastur loyihasi uni boshlanishiga kamida 2 hafta qolganida yakuniy aniqlik kiritish va ma’ruzachilar bilan kelishib olish uchun anjumanga taklif etilgan ishtirokchilarga yuboriladi. Zarur materiallar (konferensiya dasturi, Festival dasturi, tezislar yoki ma’ruzalar to‘plamlari) yetarli darajada nashr qilishi kerak va barcha ishtirokchilarga yuborilishi lozim (Termizda, masalan, O‘zbekiston vakillarida bu borada katta muammolar bo‘lgandi).
- konferensiya dasturi, unga ajratilgan muddatlar va o‘tkazish tartibi, shu jumladan, ma’ruzalarni o‘qish reglamenti, Festivalning umumiy ssenariysiga qat’iyan bog‘lanishi va so‘zsiz bajarilishi kerak. Yakuniy munozaralarni o‘tkazish, rezolyutsiyani qabul qilinishi (uni loyihasini Tashkiliy qo‘mita tayyorlaydi) konferensiya ishining yakunini sharti bo‘lishi kerak;
- konferensiyani o‘tkazish joyi (yalpi majlis uchun zal, sho‘‘balar uchun auditoriyalar) xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar ajratilgan holda tuzuk ishlaydigan namoyish texnikasining kerakli miqdori bilan jihozlangan bo‘lishi lozim;
- ma’ruzalarni tarjimasini sinxronchi tarjimonlar ta’minlashi zarur, ularni, ehtimol ingliz tili va musiqiy terminlarni biladigan O‘zbekiston davlat konservatoriyasi talabalari orasidan oldindan tayyorlash lozim.
- o‘zbek delegatsiyalarini shahardan tashqarida joylashtirish amaliyotini bekor qilish kerak (bir vaqtni o‘zida ularga ajratiladigan transport harajatlari ham yo‘qoladi), hamda ularni Festival tadbirlari, shu jumladan, ochilish marosimi uchun ruxsatnomalara bilan ta’minlash lozim. Olimlar uchun bu nafaqat mamnuniyat sababi, balki, birinchi navbatda, jonajon san’atni ijro tomonidan holatini, uni xorijlik o‘xshashliklar bilan shahardan tashqaridagi mehmonxonadagi televizor ekrani orqali emas, balki jonli ijroda taqqoslash uchun yana bir imkoniyat bo‘ladi. Boshqacha aytganda, ilmiy nuqtai nazardan festival konsertlari – bu, aslida, konferensiyani amaliy qismini davomi bo‘ladi, axir ular ilmiy-amaliy deb bejiz atalmagan-ku.
Zulfiya Muradova
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining San’atshunoslik institutida musiqa san’ati bo‘limining mudiri
Izoh (0)