O‘zbekistonda bugun, 1-maydan boshlab 8 yo‘nalishda muntazam avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Ular “Toshkent — Guliston — Yangiyer”, “Toshkent — Samarqand”, “Toshkent — Navoiy — Buxoro”, “Toshkent — Termiz”, “Toshkent — Zomin”, “Toshkent —Gagarin”, “Toshkent — Denov”, “Toshkent — Qorako‘l” yo‘nalishlari.
“Uzavtotrans Service” korxonasining Yutong avtobuslari qo‘yilgan mahalliy qatnovlar har kuni “Toshkent” avtovokzalidan amalga oshiriladi. Avtobuslar zamonaviy bo‘lib, ularda yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklar mujassam. Konditsioner, iqlim nazorati, multimedia tizimi shular jumlasidan. Bu jarayonda xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, yo‘nalishga jo‘naydigan har bir avtobus texnik ko‘rikdan, haydovchilar esa tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Avtobuslarning sanitar holati muntazam nazorat ostida bo‘lib, qatnov jarayoni GPS tizimi orqali onlayn nazorat etiladi.
Ertadan, 2-maydan “Toshkent — Turkiston”, “Toshkent— Olmaota”, “Toshkent— Ushkunur”, “Chirchiq — Ushkunur” yo‘nalishlarida xalqaro qatnovlar ham boshlanadi.
“Uzavtotrans Service” MChJ ushbu maqsadlar uchun Xitoyda ishlab chiqarilgan 100 dona yumshoq o‘rinli Yutong avtobusini xarid qildi.
Izoh (0)