O‘zbekistonda 2025/2026-o‘quv yilida 738 ming nafar bola 1-sinfga kelishi kutilmoqda.

Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 11-avgustga qadar umumtaʼlim maktablarining 1-sinfiga 666 782 nafar bola (90 foiz) qabul qilindi. Qabul jarayonlari 15-avgustga qadar davom etadi. Qabul qilingan bolalar soni Samarqand viloyatida eng ko‘p — 83 211 nafar.

“Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda maktabga qabul qilinadi. Bu yil 1-sinfga 2018-yilning 31-dekabriga qadar tug‘ilgan bolalar qabul qilinadi.
1-sinfga qabul qilinayotgan bolalar uchun 12 nomdagi o‘quv qurollari Prezident sovg‘asi sifatida tayyorlandi. Unda 1 ta o‘quv sumkasi, 12 ta o‘n ikki varaqli daftar, 1 ta ruchka, 2 ta oddiy qalam, 1 ta o‘n ikki rangdagi qalamlar to‘plami, 1 ta rangli qog‘oz to‘plami, 1 ta plastilin, 1 ta rasm daftari, 2 ta o‘chirg‘ich, 1 ta o‘n ikki rangdagi akvarel buyog‘i, 1 ta yelim (kley), 1 ta qalamdon bor.
Ayni vaqtda ushbu o‘quv qurollarini vazirlik huzuridagi “Taʼlim-taʼminot va logistika” xizmati tomonidan joylardagi maktablarga yetkazilmoqda. Xususan, 1-10-avgust kunlari hududlarga, 10—20-avgust kunlari maktablarga yetkazilishi belgilangan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, yangi o‘quv yilida O‘zbekistonda mavjud 10 170 tadan ortiq umumtaʼlim maktablarida 6,7 million nafar o‘quvchi taʼlim olishni boshlashi kutilmoqda. Shuningdek, yangi o‘quv yilida respublikada 30 dan ortiq yangi maktablar o‘z faoliyatini boshlaydi.
Joriy yilda ijtimoiy, ishlab chiqarish dasturlari va boshqa manbalar hisobidan 379 ta maktabda qurilish va taʼmirlash ishlari olib borilmoqda va buning natijasida 112 minga yaqin o‘quvchi o‘rni yaratilishi, 73 mingtadan ortiq o‘rinli o‘quv binolari mukammal taʼmirlanishi rejalashtirilgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tegishli buyrug‘i bilan O‘zbekistonda ta’lim sifati past bo‘lgan maktablar ro‘yxati tasdiqlandi. 2025/26-o‘quv yili uchun ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatiga 470 ta maktab kiritildi. Bunday maktablarning eng ko‘pi — 99 tasi Qashqadaryo viloyatida joylashgan.
Izoh (0)