Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 27-aprel kuni shahar hokimligi binosida investor Muhammadbobur Xo‘jayev va uning sherigi, xususiy quruvchi Aziz Zokirov bilan muloqot o‘tkazdi. Unda hokimilik vakillari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Dastlab hokim Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi rahbari Akmal Saidov tomonidan yuborilgan xatni o‘qib eshittirdi. Unda Muhammadbobur Xo‘jayevga tegishli Rishton ko‘chasidagi 106-uyning buzilishi natijasida 600 kishi ishsiz qolib, tadbirkor 1,35 million dollar zarar ko‘rgani ta’kidlangan va OAVda tarqalayotgan xabarlarni qonuniy va adolatli ko‘rib chiqish so‘ralgan.
Tadbirkor Muhammadbobur Xo‘jayev jurnalistlar va yig‘ilganlarni ko‘rib hayron qolganini bildirdi. Shahar hokimi esa hukumatdan ham, odamlardan ham yashiradigan ishi yo‘qligi va tadbirkorlarni ham yashiradigan narsasi bo‘lmasa, muloqotni davom ettirish lozimligini ta’kidladi. Ayni vatqda, hokim Ortiqxo‘jayev dastlab tadbirkorlarni tinglashni, keyin o‘z fikrlarini bildirishini taklif qildi.
Muhammadbobur Xo‘jayev Mirzo Ulug‘bek tumanida shahar militsiya bo‘limini qurib bergani, bosh vazir Abdulla Aripovning og‘zaki topshirig‘i bilan uning og‘ir sharoitdagi aholi uchun qurgan uch qavatli 106-uyi buzib tashlanlagini aytib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, so‘nggi vaqtlarda hokimlik unga qarshi “katta kuch” tashlamoqda.
“Farq shundaki, odamlar bizdan uy sotib oldi, chunki bu uylarning narxlari barchani qoniqtirgan. Biz xaridorlardan intervyu oldik, ular mamnun. Biroq ommaviy axborot vositalari, hokimlik odamlari borib, menga va quruvchilarga qarshi yomon narsalarni aytishlari uchun maxsus odamlar bilan suhbatlashmoqda”, — dedi Xo‘jayev.
Hokimning bularning ortida kim turgan va kim bosim o‘tkazgan degan savoliga, Muhammadbobur Xo‘jayev ro‘yxatni albatta berishi, biroq hozir bunga tayyor emasligini, hokimlikka mojaro istab emas, murosa uchun kelganini ta’kidladi.
“Bizning uylarda kamchiliklar bor, uylarimiz mukammal yoki muhtasham deb ayta olmayman... Kvadraturasi kichik bo‘lishi mumkin, oshxonasi balki kichikdir... Ba’zi uylar tor qurilgan, ayrimlari mukammal, hech qanday kamchiliklarsiz qurilgan”, — dedi Muhammadbobur Xo‘jayev.
Investor hokimlik bilan kelishish va masalani uzil-kesil hal etish istagida ekanligini bildirdi. Unga ko‘ra, muammolar yuzasidan turli xalqaro hamjamiyatga chiqishiga sabab shu kungacha na hokimlik, na prokuratura unga yordam berishni taklif qilmagan. Nima sababdan huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilmaganiga: “Men murojaat qilmadim, chunki ular qanday ishlashini, umuman bu tizim qandayligi bilaman”, — deya javob berdi.
Jahongir Ortiqxo‘jayev investor avvalroq yetkazilgan zarar 1,35 millon dollar emas, balki 600 ming dollarni tashkil etgani haqida gapirganini eslatdi va u nimalardan iborat ekanini so‘radi. “Qurilish materiallari, ishchilar oyligi, shahar militsiya bo‘limi qurilishi xarajatlari hamda (Rishton ko‘chasidagi) binoning buzilishi”, — deya javob berdi tadbirkor. Uning sherigi Aziz Zokirov 600 ming dollarni Muhammadbobur Xo‘jayev kiritgani, yana 200 ming dollar garov sifatida Real House kompaniyasidan olinganini ma’lum qildi. Hokimning aytishicha, kam ta’minlanganlar uchun uylar sotib olish so‘roviga Real House kompaniyasi ham yordam berishga rozi bo‘lgan edi.
Muhammadbobur Xo‘jayevning aytishicha, shahar militsiya bo‘limini qurish bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uyushmasining sobiq raisi Elshon Azizov tuman hokimi nomidan kelib, bosim o‘tkazgan. Aks holda uylarni buzishga sudga da’vo kiritilishini aytgan.
“Biz: o‘ylab ko‘rishga vaqt bering, dedik. Bizga vaqt yo‘qligini aytishdi. Biz suhbatlashib olguncha uylarni buzish to‘g‘risidagi da’vo keldi. Biz shahar militsiya bo‘limini qurib beramiz, nima bo‘lganda ham mahallamiz uchun-ku, dedik. Shundan so‘ng barcha da’volar yo‘q bo‘ldi. Men buning fantastik ravishda ishlashidan hayron qoldim”, — dedi u.
Hokim Rishton ko‘chasidagi qariyb qurib bitkazilgan uch qavatli 106-uyni qurilishda yong‘in xavfsizligi me’yorlari javob bermasligi, eskiz loyiha bilan amalda qurilgan uy bir-biriga mos kelmasligini ko‘rsatib o‘tdi. Tadbirokor obyektni qurishda loyihaga o‘zgartishlar kiritilgani, uyning buzilishini shahar militsiya bo‘limi xodimlari qarshiligi tufayli to‘xtata olmaganini aytdi.
Uy buzilishidagi barcha muammolarni va moddiy zararlarni qoplashni zimmasiga olishga hokim Muhammadbobur Xo‘jayevdan tayyorligini so‘radi, tadbirkor esa ayrim kamchiliklar borligini tan oldi. Jahongir Ortiqxo‘jayev uylarning qurilish-texnik ekspertizasi, ularning xavfsizlik standartlariga javob berishini baholash uchun xalqaro ekspertizani jalb qilishni taklif etdi. Bunga tadbirkor avvaliga rozi bo‘ldi, lekin uy sud qarorisiz buzilganidan keyin javobgarlikni o‘z bo‘yniga olmasligini bildirdi.
Tadbirkor tomonidan ko‘p qavatli uylarni qurishda Davlat arxitektura-qurilish nazorati inspeksiyasi ruxsatnomasi, topografik xaritaga yer uchastkasini joylashtirish rejasi, kelishilgan va tasdiqlangan bosh reja loyihasi, uy qurilishi bo‘yicha ishchi loyiha, ekspertiza va boshqa xatolar borligini Toshkent hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Davron Hidoyatov aytib o‘tdi. Muhammadbobur Xo‘jayev esa yakka tartibdagi qurilishga bunday uylarni qurishga sanab o‘tilgan talablar mos kelmasligini aytdi.
Jahongir Ortiqxo‘jayevning aytishicha, dastlab hokim bo‘lgan vaqtda og‘ir sharoitlarda yashayotgan 100 nafardan ziyod yetimlarga Akfa va Artel kompaniyalari ko‘magida Muhammadbobur Xo‘jayevning hamkorlari — Aziz va Ravshan Zokirovdan uy sotib olgan. Chunki hokimlik hisobida 2 milliard so‘m mablag‘ bo‘lgan, xolos.
Artel va Akfa xodimlari Ramziddin Qo‘chqorov va Bahodir Hakimovning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyalar 4,8 millirad so‘mga Avayxon va Qanot ko‘chalaridagi uch qavatli uylardan 37 ta kvartira sotib olgan. Shartnomalarni rasmiylashtirishda to‘langan 4,8 milliard so‘m o‘rniga hujjatda 200 million so‘m ko‘rsatilgan. Chorsu bozorida 4,8 milliard so‘m “qora bozor”dan qariyb 500 ming dollarga ayirboshlangan. Lekin shartnomalarda kvartiralar hajmidan kelib chiqib 2, 3, 4 million so‘m ko‘rsatilgan.
Ramziddin Qo‘chqorov va Bahodir Hakimov shartnomadagi qoidabuzarliklar to‘g‘risida bila turib, tegishli organlarga ma’lum qilmaganliklarini tan oldi. Bunga javoban quruvchi Aziz Zokirov kamroq pul ko‘rsatish tashabbusi kompaniyalar tomonidan ilgari surilganini qo‘shimcha qildi.
Jahongir Ortiqxo‘jayev mablag‘larni kassa apparatidan qanday aylantirib o‘tilganini so‘ralganda, quruvchi yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgani uchun kassa apparati yo‘qligini ma’lum qildi.
Hokimning so‘roviga ko‘ra, zalga yig‘ilganlar orasidagi bir erkak 25 ming dollarga Muhammadbobur Xo‘jayev qurgan uylardan uch xonali kvartira sotib olganini, biroq hujjatda 3 million so‘m ko‘rsatilganini aytdi (muloqotdan so‘ng tadbirkorligini aytdi, lekin o‘zini tanishtirish va intervyu berishni istamadi). Tadbirkorlarning fikricha, hokimlik bu odamni atayin jo‘natgan.
Toshkent hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Sherzod Hojizodayev ham o‘z fikrini bildirdi: “600 kishi ishlashi uchun rasmiy kompaniya ro‘yxatga olinishi kerak. Biz buni hali tekshiramiz. Agar shunday farq bo‘ladigan bo‘lsa, 400 ming dollarni 100 million so‘m sifatida ko‘rsatayapsiz, siz shaxsiy uy sifatida sotgan taqdiringizda ham, deklaratsiyada butunlay boshqa mablag‘ chiqishi kerak edi. Buning ichiga kirishga bizning haqqimiz yo‘q albatta, lekin siz to‘lashingiz kerak bo‘lgan soliqlar bir necha milliard chiqishi kerak”.
Jahongir Ortiqxo‘jayev 720 uyni sotishdan taxminan 22,5 milliard so‘mlik soliq to‘lanishi kerakligini va soliq to‘lovchi, qonunni sevuvchi tadbirkorlarni hurmat qilishini qo‘shimcha qildi. Turar joyning real narxi 32 ming dollarga baholangan, biroq shartnomada 3 million so‘m ko‘rsatilgani haqida hokimlik huquqshunosi Aleksey Xen ham o‘z fikrini bildirdi. Holatga javoban Muhammadbobur Xo‘jayev o‘z huquqshunosi va buxgalterlari bilan kelmaganini aytib, alohida uchrashishni taklif qildi.
“Biz tadbirkormiz, deb aytasiz. Tadbirkor soliq to‘lashi kerakmi? Tadbirkor ko‘chmas mulk bozorida qonuniy faoliyat olib borishi uchun yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi kerakmi?”, — deb so‘radi hokim. Muhammadbobur Xo‘jayev u shaxsiy investor sifatida ishlashi va o‘z sheriklariga naqd shakldagi pullarni taklif etishini mehnat shartnomasi xususiy shaklda tuzilganini ma’lum qildi. Aziz Zokirov esa 720 ta kvartirani sotish huquqiga egaligini, chunki ular xususiy mulk ekanini ta’kidladi.
Jahongir Ortiqxo‘jayev investor Xo‘jayevning internetda so‘nggi chiqishlariga unga zarar yetkazmaslik uchungina izoh bermaganini, lekin bu hokimlikni istaganicha bo‘hton qilish mumkinligini anglatmasligini ta’kidladi.
“Men bu yerga sizdan ko‘mak olish uchun keldim. Yosh tadbirkor qandaydir kamchiliklarga yo‘l qo‘yishi mumkin, biroq u keyinchalik to‘g‘ri qurishi uchun yordam kerak. Jahon hamjamiyati oldida sizni yoki hokimlikni sharmanda qilish maqsadim yo‘q. Shunchaki meni qo‘llab-quvvatlashlari, tushunishlari va yordam berishlarini istayman. Men bu yerga urishish uchun kelmadim”, — deya javob berdi Muhammadbobur Xo‘jayev.
Aziz Zokirov xatolarni to‘g‘rilashga va’da berdi va ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganini tan oldi.
Bir yarim soatlik muloqotdan so‘ng hokim va tadbirkorlar o‘rtasida yana bir soatcha suhbat bo‘lib o‘tdi. Ushbu yuzma-yuz suhbatning ayrim tafsilotlari haqida investor Muhammadbobur Xo‘jayev “Kun.uz” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“O‘sha kuni Jahongir Obidovich bilan yuzma-yuz suhbatlashganimdan so‘ng, fikrlarim mutlaqo o‘zgardi. Yaxshi inson ekanlar, men noto‘g‘ri fikrda yurgan ekanman. O‘sha kuni menga o‘z xatolarimni ko‘rsatib, biznesimga aloqador tegishli maslahatlarini berdi. Ichida kibri yo‘q yaxshi inson ekanlar. Ko‘chada juda ko‘p tadbirkorlar bilan suhbatda bo‘lganman. Ham katta tadbirkor, ham shahar hokimi bo‘lib oddiy fuqaroga vaqt ajratganlari meni hayron qoldirdi”, — dedi investor. Xo‘jayev keyingi oylar davomida turli nashrlarda masalani chuqur o‘rganmasdan bildirgan fikrlaridan afsusdaligi va buning uchun hammadan uzr so‘rashini aytib o‘tdi.
Jahongir Ortiqxo‘jayevning qurilish bo‘yicha xalqaro ekspertlarni olib kelib, qurilgan uylarning sifatini tekshirtirish bo‘yicha taklifga munosabatini ham aytib o‘tdi: “Bu masaladan ko‘rqayotganim yo‘q. Ba’zi binolarda kamchiliklar bo‘lgan. Bu masalada mijozlar bilan qonunan kelishib oldik. Men Allohdan boshqasidan qo‘rqmayman. Kamera qarshisida o‘ynaydigan aktyor ham emasman. Xatolarimni to‘g‘rilayman. Hokim haqida tarqalgan ko‘p mish-mishlar yolg‘on bo‘lib chiqmoqda. Bu shaxsiy fikrim. Mana, yordam bermoqda. Boshqa insonlardan ham o‘z yordamini ayamasa kerak”.
Kuni kecha esa Davlat soliq qo‘mitasi soliq qonunchiligini buzgani uchun tadbirkor Muhammadbobur Xo‘jayev va quruvchi Aziz Zokirovning faoliyatini o‘rganishni boshlagani ma’lum bo‘ldi.
Izoh (0)