Yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar yuzasidan ayrim qarorlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi hukumat portaliga joylashtirildi. Shu kunlarda qaror loyihasi muhokamasi davom etmoqda va fuqarolarning takliflari o‘rganilmoqda.
Mazkur qaror loyihasi bilan amalga kiritish taklif qilinayotgan yangiliklar yuzasidan ma’lumot olish maqsadida ATB “Qishloq qurilish bank” qishloq qurilishini kreditlash departamenti boshlig‘i Zulayho Jo‘rayeva va Yuridik departament boshlig‘i Erkin Otaboyevga murojaat qildik.
—Namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylarga doir qabul qilingan hukumatning ayrim qarorlariga qanday o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif qilinmoqda?
Erkin Otaboyev: Hukumat qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar 2018-yil davomida Prezidentning ushbu sohadagi qarorlari ijrosi yuzasidan qabul qilinayotgan bo‘lib, ular asosan 4 ta yo‘nalishni o‘z ichiga oladi.
Muhim jihatlardan biri — “arzon uy-joy” tushunchasining o‘zgarishi. Agarda e’tibor qilsangiz, 2017- yildan boshlab dastur doirasida qurilayotgan qishloq joydagi 2 xil toifadagi uy-joylar, ya’ni ikki va uch qavatli ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar va 0,02 ga o‘lchamli yer uchastkalarida bir qavatli uylar arzon uy-joylar toifasiga kiritilgan edi.
Kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, dastur doirasida qurilayotgan boshqa uy-joylar, jumladan, 4 va 6 sotixli yer uchastkalarida quriladigan uy-joylar ham endilikda (rasman 2018-yildan boshlab) arzon uy-joylar hisoblanadi . Buning sababi, bu uy-joylarning qurilishini amalga oshirishning butun bosqichlari va qoidalari, jumladan, ulardagi ishtirokchilarga qo‘llanadigan soliq va bojxona imtiyozlari, ajratiladigan kreditlarning muddatlari va foizstavkalari bir xil hisoblanadi.
Shunga muvofiq, qaror loyihasida “arzon uy-joy”tushunchasiga doir o‘zgarishlar taklif qilinmoqda.
Zulayho Jo‘rayeva: Qaror loyihasidagi yangiliklardan yana biri boshlang‘ich badal summalarining o‘zgarishidir. Dastur doirasida qurilayotgan ikki, uch, to‘rt, besh qavatli ko‘p xonadonli (2 va 3 xonali) uy-joylar, 0,02 ga o‘lchamli yer uchastkalarida joylashtiriladigan 2, 3 xonali bir qavatli arzon uy-joylar uchun boshlang‘ich badalni uy-joy smeta qiymatining kamida 15 foizidan kamida 10 foizigacha kamaytirish nazarda tutilmoqda.
Yakka tartibdagi quruvchiga doir berilgan tushunchalarning o‘zgarishi ham fuqarolarimizni qiziqtiradigan muhim yangilik deyish mumkin. Amalda bo‘lib turgan tahrirga ko‘ra yakka tartibdagi uy-joy quruvchi sifatida qishloq joyda yashaydigan fuqarolargina qishloq joylarda qurilayotgan uy-joylarni olishga buyurtma berishi mumkin.
Endilikda asosan shahar hududlarida uy-joy qurilishini amalga oshirishga qaratilgan “Obod mahalla” dasturi va “Obod qishloq” dasturi birlashtirilgan holda, bir-biriga bog‘langan holda amalga oshirilishidan, shu jumladan, arzon uy-joylar ham qishloq, ham shahar joylarda qurilishidan kelib chiqib, “qishloq joyda yashaydigan” degan jumlani chiqarib tashlash taklif qilinmoqda.
Shu o‘rinda shaharlarda yashovchi fuqarolar qishloq hududlarida qurilayotgan uy-joylarga cheklovlarsiz buyurtma berishi mumkinmi, degan savol ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Ma’lumki, “Obod qishloq” dasturi doirasida ko‘plab shaharlar atrofida ham namunaviy uy-joylar qurildi va qurilmoqda. Taklif etilayotgan o‘zgartirishlar qabul qilinsa, shaharlarda istiqomat qilayotgan fuqarolar ham qishloq joylardagi arzon uy-joylarga talabgor bo‘lishi mumkin.
Uy-joylarga talabgor fuqarolarni aniqlash va ularga tavsiyanoma berish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-fevraldagi 103-sonli qarori bilan alohida Nizom tasdiqlangan bo‘lib, bu Nizomda talabgorlarni aniqlash qoidalari va mezonlari belgilab berilgan.Ushbu Nizomda vakolatli qilib tayinlangan komissiya har bir hududda qurilayotgan uy-joylarning miqdori va mavjud talabgorlarning sonidan va ularni tanlab olish qoidalaridan kelib chiqib bu masalani hal qilishga vakolatli hisoblanadi.
Erkin Otaboyev: Qaror loyihasida yana bir e’tiborga molik jihat bor. Dastur doirasida qurilayotgan uy-joylarning O‘zbekiston Respublikasida doimiy va muqim yashab kelayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ham ajratilishiga sharoit yaratish maqsadida amaldagi tartibda qo‘llanilayotgan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ”so‘zlarini “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ” so‘zlariga almashtirish taklif qilinmoqda. Bu takliflar keyingi yillar amaliyoti va hududlardan kelib tushayotgan murojaatlar asosida kiritildi.
Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasida shu kabi yangiliklarni amalga kiritish taklif qilinmoqda. Hukumat portalida e’lon qilingan bu hujjat loyihasi bo‘yicha takliflar Iqtisodiyot vazirligi tomonidan umumlashtirilayotgan bo‘lib, tegishli qaror Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinib, takliflar ma’qullanganidan so‘nggina bu takliflar qabul qilingan hisoblanadi.
Izoh (0)