Latviya O‘zbekistonga “Toshkent — Riga” yo‘nalishida muntazam temir yo‘l konteyner qatnovini yo‘lga qo‘yishni taklif etdi. Bu haqda ushbu mamlakatning O‘zbekistondagi elchisi Mixails Popkovs ma’lum qildi, deya xabar beradi “Xalq so‘zi Online”.
— Latviya o‘z portlari orqali Yevropaga va butun dunyo bo‘ylab O‘zbekiston eksporti uchun logistika va yetkazib berishning keng imkoniyatlarini taklif etyapti. Yaqinda o‘zbekistonlik sheriklarimizga Aloqa vazirligi va “Latviya temir yo‘li” davlat kompaniyasining “Toshkent — Riga” yo‘nalishida muntazam temir yo‘l konteyner qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq takliflarini yetkazdik. Keyin Riga erkin portidagi konteyner terminali orqali yuklar qayta ishlanadi”, — dedi elchi.
Elchiga ko‘ra, Latviyadagi yirik transport va logistika tashkilotlari, jumladan, portlar va temir yo‘l kompaniyasi rahbarlari turli forumlarda ishtirok etish uchun O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga muntazam kelmoqda. Ularda hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Latviyaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi yetakchi tashqi savdo va iqtisodiy hamkori sanaladi. O‘z navbatida Latviya O‘zbekiston bilan tovar aylanmasi hajmi bo‘yicha Yevroittifoq davlatlari ichida Germaniya va Italiyadan so‘ng uchinchi o‘rinda turadi.
Izoh (0)