O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi Samarqand viloyati Urgut tumanidagi 29-MTMda tarbiyalanuvchi Rayhona Orziyevaning vafoti bilan bog‘liq holatni o‘rganmoqda. Bu haqda vazirlik vakili “Daryo”ga ma’lum qildi.
Ayni vaqtda vazirlikning maxsus ishchi guruhi Urgut tumanida hodisaning to‘liq manzarasini tiklash ustida ishlamoqda. Natijalar vazirlikning “Mdo.uz” saytida e’lon qilinadi.
MTV ma’lum qilishicha, Rayhona Orziyevaning o‘limi holati hududiy va viloyat maktabgacha ta’lim idoralari tomonidan vazirlikdan yashirilgan, buning uchun mas’ul shaxslar tegishli jazoga tortiladi.
Vazirlik Rayhona Orziyevaning oilasiga hamdardlik bildirib qoladi va hodisa puxta o‘rganib chiqilishini kafolatlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyati Urgut tumanida 2012-yilda tug‘ilgan Rayhona Orziyeva bog‘chaning bolalar o‘yingohi maydonchasidagi temir arg‘imchoqda o‘ynayotgan vaqtda yiqilib tushib, tan-jarohati olib halok bo‘lgan.
Huquq-tartibot idoralari Orziyevaning arg‘imchoqdan yiqilib vafot etish holatini baxtsiz hodisa sifatida qayd etib, ishni yopib yuborishgan.
Izoh (0)