Shahrixon tuman prokuraturasi tomonidan 2019-yil 19-yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali keng muhokama qilingan tabib X.I.ning faoliyatini o‘rganish harakatlari olib borildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.
X.I. Shahrixon shahar “Navro‘z” MFY, Hurriyat ko‘chasida tabiblik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan.
Uning xonadoniga kuniga 300-400 nafar fuqaro — asosan Shahrixon tumani, boshqa tuman-shaharlar, viloyatlar, hatto qo‘shni respublikalarda yashovchilar kelib ketgan. Ularning aksariyatini yurak-qon tomir, endokrin tizimi va boshqa og‘ir kasalliklar bo‘yicha murojaat qilayotganlar tashkil qilgan.
Xalq tabobati sohasidagi qonunchilikda belgilangan talablar, xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi shaxslarning huquqiy maqomi va ular tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar oqibati uchun javobgarlik belgilanganganligi to‘g‘risida Shahrixon tuman prokuraturasi tomonidan 2018-yil 28-noyabrda X.I.ga tushuntirish berish bilan birga, litsenziya olinishi shart bo‘lgan faoliyat bilan maxsus ruxsatnoma olmasdan shug‘ullangan taqdirida javobgarlikka tortilishi haqida rasman ogohlantirilgan.
Lekin, X.I. ogohlantirilishiga qaramasdan o‘zining noqonuniy faoliyatini davom ettirib kelganligi bois, Shahrixon tuman Davlat soliq inspeksiyasi tomonidan unga nisbatan 2018-yil 13-dekabrda MJtKning 165-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etganligi to‘g‘risida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar Shahrixon tuman ma’muriy sudiga yuborilgan.
Shahrixon tuman ma’muriy sudining 2018-yil 24-dekabrdagi qaroriga ko‘ra, X.I.ga nisbatan eng kam oylik ish haqining 5 barobari, ya’ni 1.013.650 so‘m jarima jazosi tayinlagan.
Keyingi tekshiruv davomida X.I hozirgacha tabiblik faoliyati uchun litsenziya olmaganligi aniqlangan bo‘lib, Shahrixon tuman prokuraturasi tomonidan X.I. kelgusida litsenziya olinishi shart bo‘lgan faoliyat bilan maxsus ruxsatnoma olmasdan shug‘ullangan taqdirda jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida rasman ogohlantirilgan. Shahrixon tuman IIB va Shahrixon tuman DSI tomonidan ko‘rilgan tashkiliy chora-tadbirlar natijasida X.I.ning noqonuniy faoliyati tugatildi.
Eslatib o‘tamiz, “Daryo” muxbiri o‘zbekistonliklar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga “Hasan tabib” nomi bilan tanilgan andijonlik Hasanboy Ismoilov bilan suhbat uyushtirgandi.
Izoh (0)