Joriy yil 18—20-yanvar kunlari Toshkent shahrining 11 ta chiqish postida profilaktik tadbirlar o‘tkazildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmatiga tayanib, “Xalq so‘zi” xabar berdi.
Tadbirlarni o‘tkazish mobaynida davlat soliq xizmati organlari xodimlarining navbatchiligi tashkil etildi hamda unga 43 nafar malakali xodim jalb qilindi.
Profilaktik tadbirlarning asosiy maqsadi esa yuk tashib o‘tayotgan avtotransport vositalari haydovchilariga qonuniy ishlashning ustunliklarini tushuntirish, tovarlar harakatini monitoring qilishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida navbatchilikka jalb etilgan xodimlar tomonidan transport vositalari harakatiga xalaqit berilmasdan, olib o‘tilayotgan yuklarning yo‘l hujjatlari tekshirildi va ulardan nusxa (elektron surat) olindi.
Profilaktik tadbirlar mobaynida xodimlarga yuklarni sanoqdan o‘tkazish yoki yuk xatiga to‘g‘ri kelishini tekshirish, mahsulotlarni olib qo‘yish qat’iyan man etildi.
Izoh (0)