Iqtisodiy jinoyatlarga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun Prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali ma’lum qildi.
“Bank siri to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar endilikda Hisob palatasi bilan bir qatorda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga ham taqdim etilishi mumkin.
Shuningdek, qonun bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, valyuta qimmatliklarini miqdoridan qat’i nazar qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazishi shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ilgari faqat ancha miqdorda (eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha) ushbu harakatlarni amalga oshirish jinoyat deb topilgan.
Endilikda ancha miqdorda valyuta qimmatliklarini olish yoki o‘tkazish javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat hisoblanadi va ma’muriy jazo qo‘llanilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Izoh (0)