Prezident farmoni bilan Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Urbanizatsiya agentligi hamda Urbanizatsiyani rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali ma’lum qildi.
Urbanizatsiyani tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish agentlikning asosiy vazifasi etib belgilandi.
Farmonga muvofiq, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi hamda O‘zbekistonda 2030-yilgacha urbanizatsiyani rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi.
Yirik shaharlarga tutash aholi punktlari inventarizatsiyadan o‘tkaziladi hamda amalga oshirilgan ishlar natijalariga ko‘ra 2019-yil 1-noyabrgacha o‘rta muddatli davrda yo‘ldosh-shaharlarga aylantiriladigan aholi punktlari ro‘yxati shakllantiriladi.
2019-yil 1-iyunga qadar 2020-2025 yillarda kompleks uy-joy qurish davlat dasturlarining asosiy prognoz parametrlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi Prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi.
Shuningdek, farmon bilan O‘zbekiston Respublikasida urbanizatsiyani tartibga solishni ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.
Yo‘l xaritasi doirasida Uy-joy kodeksi hamda Yer kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqiladi.
Izoh (0)