Ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olib, O‘zbekistonda jazoni ijro etish tizimida shaxsni axloqan tuzatish va jamiyatga ijtimoiy moslashuvini ta’minlash masalasiga e’tibor kuchaytiriladi, deb xabar bermoqda “Xalq so‘zi Online”
2017–2021-yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasida ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilgan.
Shu bo‘yicha ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida:
- yangi tashkil etilgan probatsiya xizmati faoliyatining mexanizmlari, mahkumlarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish tartibini joriy etish;
- mahkumlarni rag‘batlantirishning aniq va adolatli mezonlarini ishlab chiqish;
- voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashishga bo‘lgan huquqiga nisbatan cheklovlarni bekor qilish;
- mahkum ayollarning o‘z farzandlari bilan uchrashishning alohida tartibini belgilash;
- mahkumlarning uchrashuvlari va telefon orqali so‘zlashuvlari sonini ko‘paytirish, uchrashuvlarni almashtirish tizimi nazarda tutiladi.
Izoh (0)