9-avgust kuni minglab insonlar G‘azodagi urushni to‘xtatish talabi bilan Tel-Aviv ko‘chalarida namoyish o‘tkazdi. Ommaviy aksiyaga Isroil Xavfsizlik kengashining anklavni to‘liq bosib olish va harbiy harakatlarni kengaytirish qarori turtki berdi.

Namoyishchilar HAMAS ixtiyorida qolayotgan isroilliklarning suratlarini ko‘tarib, hukumatdan ularni ozod qilish choralarini ko‘rishni talab qildi. AFP muxbirining hisob-kitobiga ko‘ra, ommaviy aksiyaga o‘n minglab insonlar yig‘ilgan. Isroillik asirlarning oila a’zolarini birlashtirgan guruh esa o‘z pozitsiyasini bildirish uchun kelganlar soni yuz mingga yetishini aytgan.
“Bosh vazir Binyamin Netanyaxuga ochiq murojaat: agar siz G‘azoning ayrim hududlariga bostirib kirib, natijada garovdagilar o‘ldirilsa, biz sizni maydonlarda, saylov kampaniyalarida va har vaqt hamda joyda ta’qib qilamiz”, dedi asirda vaqti halok bo‘lgan isroillikning yaqini Shahar Mor Zahiro.
8-avgust kuni Isroil Xavfsizlik kengashi G‘azo sektorini egallash bo‘yicha yirik harbiy amaliyot rejasini ma’qulladi. Bu qaror Isroil ichida ham, xalqaro miqyosda ham keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Ular masalaga muzokaralar yo‘li bilan yechim topishga chaqirmoqda.
Netanyaxu esa qarorini himoya qilib, Isroil go‘yoki “anklavni bosib olmayotgani, balki HAMASdan ozod qilayotgani”ni ta’kidladi.

HAMAS 2023-yilning 7-oktyabr kungi hujumda asirga olgan 251 nafar isroillikdan 49 nafari hanuz G‘azoda. Isroil armiyasi ularning 27 nafarini halok bo‘lgan deb hisoblaydi.
Falastin ma’muriyati Isroilning G‘azo bo‘yicha qarorini tanqid qildi. Ma’muriyat prezidenti Mahmud Abbos buni “yangi jinoyat” deb atadi va yahudiy davlatini to‘xtatish uchun xalqaro hamjamiyatdan yordam so‘radi.
Izoh (0)