Joriy yil Respublikaning tuman (shahar) adliya bo‘limlari tomonidan “Toza hudud” korxonasining tuman (shahar) filiallarida xodimlarning oylik ish haqlari bo‘yicha qarzdorliklari monitoring yo‘li bilan aniqlanib, sudlarga 1,5 milliard so‘mlik ish haqlarini undirish bo‘yicha 1879 ta da’vo ariza kiritilib, ularning undirilishi ta’minlandi. Bu haqda “Daryo”ga Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar berdi.
Shuningdek, Buxoro viloyat adliya boshqarmasi tomonidan 19 ta holatda davlat tashkilotlari xodimlarining xizmat safari xarajatlari to‘lab berilmaganligi aniqlanib, sudlarga da’vo arizasi kiritilgan. Natijada 1,1 milliard so‘mdan ortiq pul mablag‘lari undirib berildi.
Xuddi shunday, Qamashi tuman adliya bo‘limi tomonidan “Qamashi paxta tozalash” AJda sayyor qabul o‘tkazilganda, jamiyatning 507 nafar xodimlariga ish haqlari to‘lanmasdan kelinayotganligi aniqlandi. Bu holat yuzasidan jamiyatga taqdimnoma kiritilishi natijasida ushbu xodimlarga 583 million so‘m ish haqi to‘lab berildi.
Bundan tashqari, Buxoro viloyat adliya boshqarmasi tomonidan fuqaro Sh.Latipovning soliq qarzini qayta hisoblash haqidagi murojaati o‘rganilib, 167,5 million so‘mdan ortiq soliq qarzini qayta hisoblash bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritildi. Natijada soliq qarzining undirilishi bekor qilindi.
Shu kabi, Angor tuman adliya bo‘limi tomonidan fuqaro P.Amirovga u ishlayotgan korxona tomonidan 2 488 524 so‘m ish haqi to‘lab berilmayotganligi aniqlanib, u hamda yana 30 nafar hamkasblarining 97 299 836 so‘mlik ish haqini undirish bo‘yicha Termiz tumanlararo sudiga ariza kiritildi.
“Fuqarolar mehnat huquqi bilan bog‘liq qonuniy huquq va manfaatlari buzilgan taqdirda, vazirlikning 1008 qisqa raqamli ishonch telefoniga, info@minjust.gov.uz elektron pochtasi va ijtimoiy tarmoqlar (Facebook’dagi “Adliya bilan muloqot/Dialog s yustitsiyey” guruhi) orqali murojaat qilishlari mumkin”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Izoh (0)