O‘zbekistonga sayyoh sifatida kelishi mumkin bo‘lgan davlatlarni tahlil qilgan holda, mamlakatning turizm salohiyatini targ‘ib qiluvchi yagona targ‘ibot strategiyasini ishlab chiqish vaqti keldi, deyiladi O‘zA xabarida.
Buning uchun O‘zbekistonning turizm salohiyatini ko‘rsatuvchi Milliy brendni ishlab chiqish hamda barcha vazirlik va idoralar uchun yagona targ‘ibot qilish mexanizmi yo‘lga qo‘yilishi lozim. Shuningdek, milliy turistik mahsulotlarni jahon bozoriga olib chiqish, ularning raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida marketing kampaniyasini ishlab chiqish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Bu borada albatta, xorijiy davlatlardagi o‘zbekistonliklarning salohiyatidan ham unumli foydalanish zarur. Bunda xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalar muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Endilikda turizm sohasi infratuzilmasi, jumladan madaniy meros obyektlaridan samarali foydalanish kunning eng muhim vazifasi bo‘lib qoladi. Biroq, bu bordagi ishlar ko‘ngildagidek, emasligi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining yig‘ilishida alohida qayd etildi.
Misol uchun, madaniy meros obyektlariga tashrif buyuruvchi turistlar hisobini yuritish hali ham eskicha tizimda olib borilishi, shaffof va zamonaviy hisob yuritish tizimlari ishlamayotgani tufayli tashrif buyuruvchilarning soni to‘liq aniqlanmasdan qolmoqda.
Solishtirish uchun misollar asosida tahlil qilib ko‘ramiz. 2017-yildagi ma’lumotlarga ko‘ra, Registon majmuasiga 525 ming kishi tashrif buyurgani qayd etilgan. Ayni vaqtda jahonga mashhur boshqa obyektlar Toj Mahalga (Hindiston) – 6,5 million, Ayo Sofiyaga (Turkiya) – 1,9 million kishi tashrif buyurgan.
Kelgusida bu borada aniq-hisob kitoblar yuritish uchun madaniy meros obyektlariga keluvchi sayyohlarning sonini monitoring qilib borish, ularning talablarini doimiy o‘rganib borish uchun ushbu obyektlarni zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash lozim. Xususan, obyektlarga kirish nazorati va chipta sotish tizimini onlayn rejimda ishlashini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq.
Kelgusi yilda ayrim turizm zonalarda madaniy meros obyektlarini qayta ta’mirlash, ularni obodonlashtirish ham talab etiladi. Vaholanki, ayni vaqtda O‘zbekistonning turli hududlarida ana shunday obyektlarga nisbatan ehtiyotsizlik munosabatlari mavjud bo‘lgani uchun uch yuzdan ortiq inshoot avariya yoki tashlandiq ahvolga kelib qolgan.
Izoh (0)