Moliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda joriy yil 26—28-dekabr kunlari davlat qimmatli qog‘ozlari bilan operatsiyalarni amalga oshirish amaliyotini qayta yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda MB matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qimmatli qog‘ozlar bir million so‘mlik nominal qiymatida 6 oylik, 1 yillik hamda 3 yillik muddatlar uchun muomalaga chiqariladi.
Davlat qimmatli qog‘ozlari hukumat tasarrufida bo‘lgan barcha aktivlar bilan ta’minlangan va O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan tijorat banklari va yuridik shaxslar o‘rtasida joylashtiriladi. Uning foiz to‘lovlari Moliya vazirligi tomonidan, muomalaga chiqarish shartlariga muvofiq, ularning to‘liq amal qilish muddatlari davomida amalga oshiriladi va davlat qimmatli qog‘ozlari bo‘yicha foizli daromadlar daromad solig‘idan ozod etiladi.
Mazkur qimmatli qog‘ozlarning likvidligi ularning ikkilamchi bozorda sotish imkoniyati bilan ta’minlanadi. Bunda investorda pul mablag‘lariga ehtiyoj vujudga kelgan holatda ular o‘zlariga tegishli davlat qimmatli qog‘ozlarini ikkilamchi bozorda hech qanday cheklov va xarajatlarsiz sotish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
O‘z navbatida, Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda ularni ikkilamchi bozorda doimiy muomalada bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash orqali davlat qimmatli qog‘ozlarining yuqori likvidliligini ta’minlaydi: ikkilamchi bozorda ularga talab bo‘lmagan hollarda Markaziy bank ularni sotib oladi.
Davlat qimmatli qog‘ozlarining birlamchi joylashtirish Moliya vazirligi topshirig‘i bilan Markaziy bank tomonidan auksion o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. Qimmatli qog‘ozlar savdosi yakunlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Markaziy bank va Valyuta birjasining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilib boriladi.
Izoh (0)